O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga 2 kun qoldi. Ushbu muhim siyosiy tadbir yurtimiz ertasi, kelajagimiz farovonligiga xizmat qiladigan hal qiluvchi palla. Shu bois ham saylovga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda, mahalliy va xorijiy ekspert va kuzatuvchilar ushbu jarayonga katta qiziqish bilan qaramoqda. Jumladan, qator xalqaro kuzatuvchilar, xorijiy davlatlar delegatsiyalari yurtimizga tashrif buyurib, siyosiy tadbirga hozirlik jarayonlarini o‘rganmoqda.
Kuni kecha Markaziy saylov komissiyasida muddatidan ilgari o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarini kuzatib borish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurgan Hindiston delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari B.Qo‘chqorov, komissiya a’zosi G.Rahimova, Hindiston saylov komissiyasi saylov komissari Pandey Anup Chandra, Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabxatlar ishtirok etdi.
Muloqot davomida delegatsiya a’zolariga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
O‘z navbatida, kuzatuvchilar tomonidan saylovchilarning saylovga oid axborotlar bilan yuqori saviyada ta’minlangani, bir qator saylov uchastkalarida biometrik-identifikatsiya qurilmalaridan tajriba sinov tariqasida foydalanish yo‘lga qo‘yilgani alohida e’tirof etildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA