Kanada o‘rmonlarida hozir yuz berayotgan yong‘in ushbu mamlakat tarixidagi eng xavflisi bo‘lishi mumkin. Bu haqda favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlikni ta’minlash vaziri Uilyam Bler jurnalistlar uchun uyushtirilgan brifingda ma’lum qildi. “Shunisi ma’lumki, 2023 yil Kanada tarixidagi eng yomon o‘rmon yong‘ini mavsumi kuzatildi”, – dedi u.

Mulozimning tabiiy ofat bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha iyul-avgust oylari uchun bashorati ham xavotirli: – Prognoz shuni ko‘rsatmoqdaki, keyingi ikki oy ham yong‘in faolligi kuchli bo‘ladi. Mamlakatning aksariyat hududida quruq ob-havo, yuqori harorat tufayli yong‘in paydo bo‘lish xavfi saqlanib qolmoqda.

Bundan tashqari, vaziyatni chaqmoqli yomg‘ir ham yomonlashtirishi mumkin, chunki o‘rmon ko‘pincha quruq shox-shabbaga yashin urilishi natijasida o‘t oladi.

Vazir aytishicha, ayni payt qayd etilgan 648 faol yong‘in o‘chog‘ining 339 tasi hozircha nazoratga olinmagan. Yong‘in jami 8,8 million gektar hududni kulga aylantirdi, 4,5 mingdan ziyod odam uy-joyini tark etdi. Aholining bir qismi shaxsiy turar-joyidan butunlay ayrilgan.