O‘zbekiston navbatdagi yirik xalqaro anjumanga mezbonlik qilmoqda

Joriy yil 3-7 iyul kunlari poytaxtimizda “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi hamda “O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans asosi” xalqaro konferensiyalar qizg‘in kechmoqda.

Yirik xalqaro anjumanlar qatori “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tadbiri doirasida “Ijtimoiy xizmatlar sohasini kengaytirish va kambag‘allikni qisqartirish – barqaror rivojlanish garovi” mavzusida panel sessiya tashkil etildi.

Ijtimoiy xizmatlar sohasi vakillari, yirik nufuzli tashkilot va idoralar rahbarlari, shuningdek, mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etayogan yig‘ilishda mamlakatimizda so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar muhokama qilindi.

Sessiyada dastlab O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev nutq so‘zlab, kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni oshirish maqsadida ma’muriy islohotlar doirasida bu sohalarga mas’ul vazirlik tashkil etilgan bo‘lib, barcha huquqiy-tashkiliy asoslar yaratilganini, yaqinda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat o‘ziga majburiyatlar olgani xususida ma’lumot berdi.

Ijtimoiy davlat – O‘zbekistonda barqaror rivojlanishning muhim maqsadlari bo‘lmish – ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish, yoshlar va ayollar tadbirkorligiga ko‘maklashish, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ma’naviy-madaniy sohalar muntazam taraqqiy etishini ta’minlashga alohida ahamiyat berilmoqda, – dedi vazir B.Musayev. – Shuningdek, samarali ijtimoiy sug‘urta ta’minotini yo‘lga qo‘yish, jamiyatda keskin ijtimoiy farqlanish va ijtimoiy tengsizlikka yo‘l qo‘ymaslik, aholiga munosib turmush sharoitini yaratish kabi masalalar ustuvor vazifa sanaladi.

Qayd etilishicha, ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish xarajatlari yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2 baravarga oshib, kam ta’minlangan nafaqa oluvchi oilalar qamrovi 5 barobarga ko‘paygan. Nogironligi bo‘lgan shaxslar va nogironligi bo‘lgan bolalar parvarishi bilan band bo‘lganlar uchun yangi nafaqa turlari joriy etilgan.

Darvoqe, O‘zbekiston BMTning nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qildi, nogironlarni jamiyatimizning to‘laqonli a’zosi, deb tan oluvchi va hayotning barcha sohalarida, jumladan, ta’lim, bandlik, tadbirkorlik, sog‘liqni saqlashda teng imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha qator chora-tadbirlarni belgilab beruvchi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilingan.

Anjumanda oxirgi yillarda mamlakatimiz bo‘yicha qariyb 300 mingta yoki avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar ko‘p uy-joy qurilgani ta’kidlandi. Bu davrda qo‘shimcha 500 ming o‘quvchi o‘rni yaratilib, ularning jami soni 5 million 300 mingga yetgan. Hozirgi vaqtda yana 1 million 200 ming o‘quvchi o‘rni yaratish bo‘yicha ishlar jadal davom ettirilmoqda.

Konferensiya ishtirokchilari respublikada qabul qilingan “Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon aholi murojaatlari va muammolarini aniqlash hamda hal etishda “Mahalla – sektor – Xalq qabulxonasi – mahalla” tamoyili asosida hamkorlik tizimini joriy etishga turtki bo‘lganini e’tirof etishdi.

Darhaqiqat, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga yuklatilgan, boshqa davlat organlari va tashkilotlarining vakolatlarini takrorlovchi, ortiqcha va xos bo‘lmagan 46 ta hamda xuddi shunday profilaktika inspektorlariga yuklatilgan 13 ta vazifa hamda funksiyalari qisqartirildi.

Ma’ruzalar, taqdimotlar jarayonida mahalla institutining jamiyatimiz ijtimoiy-ma’naviy hayotida tutgan o‘rnini hisobga olib, soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 22 mart sanasini “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari kuni” deb e’lon qilingani aytildi.

Sessiya haqida batafsil ma’lumot beriladi.

Behruz Xudoyberdiyev,

O‘zA