O‘zbekiston barcha qo‘shni davlatlar bilan yaqin sherikchilik, ittifoqchilik munosabatlari va ko‘p asrlik do‘stlik rishtalarini mustahkamlab, xalqaro hamkorlikni jadal rivojlantirib kelmoqda.

Xususan, Qozog‘iston Respublikasi bilan aloqalar yildan-yilga yangi bosqichga ko‘tarilib, barcha sohalarda katta natijalarga erishilmoqda. Bu qo‘shni davlatlar aloqalarining tarixi davomida ijtimoiy-siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikning namunali modelini namoyish etdi. Markaziy Osiyo mintaqasining yanada rivojlanishini kafolatlaydigan mustahkam poydevorni birgalikda shakllanishiga o‘z hissasini qo‘shdi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalar xalqaro harbiy hamkorlik yo‘nalishida ham o‘z samarasini ko‘rsatib, ikki davlat harbiy xizmatchilarining o‘zaro malaka va tajriba almashishida, birgalikda o‘quv-jangovar vazifalarni ado etish orqali jangovar tayyorgarligini yuksaltirishida muhim rol o‘ynayapti.

Jumladan, ikki davlat harbiy hamkorligi doirasida Xorazm viloyatidagi “Yangiariq” umumqo‘shin poligoni bazasida joylashgan va 2021 yildan faoliyatini boshlagan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bo‘linmalarini cho‘l sharoitida tayyorlash markazida Qozog‘iston Respublikasi mudofaa vazirligi maxsus bo‘linmalarining bir guruh harbiy xizmatchilari tahsilni yakunladi.

Markaziy Osiyo davlatlarining ko‘plab qismini cho‘llar egallagani, ana shunday iqlimi o‘zgaruvchan, bepoyon qumlik va namlik darajasi past bo‘lgan hududlarda birinchi navbatda harbiy xizmatchilarning yashovchanligini oshirish, qo‘yilgan jangovar vazifalarni sifatli bajarilishiga erishish maqsadida ushbu markazda o‘zbekistonlik harbiy mutaxassislar bilan birgalikda qozog‘istonlik harbiylarning tahsil olishi yangi tajriba va malaka almashishiga imkon yaratdi.

Bir necha hafta davom etgan o‘quv kursi dasturiga muvofiq ikki davlat harbiy xizmatchilari sahroda cho‘l sharoitida olov va suv topish, ov qilishga mo‘ljallangan qo‘l ostidagi predmetlardan yasalgan qurollar va qopqonlarni tayyorlash, cho‘l sharoitida bo‘linmalarning niqoblanishi hamda shaxsiy tarkib joylashishi uchun sharoitlarni yaratish, shartli yaradorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish va qo‘lbola tibbiyot buyumlarini yasash bo‘yicha amaliy mashqlarni bajardi. Sahroda ovlangan yovvoyi hayvon va baliqlardan mazali taomlar tayyorlash, oziq-ovqat mahsulotlarini ma’lum muddat ichida saqlashni tashkil etish bo‘yicha mahoratlarini boyitishdi.

Kurs yakunida bo‘linmalar bir necha kilometrli razvedka-qidiruv harakatlarini amalga oshirib, yo‘nalishda mavjud suvli to‘siqlaridan o‘tishni amalda qo‘llashdi. Yaqin jangda bir-birini himoya qilgan holda jangovar qurollarni qo‘llash, yaradorlarni jang maydonidan olib chiqish va ularga tibbiy yordam ko‘rsatish, o‘zbekistonlik hamkasblari bilan birga to‘siqli yo‘lakdan guruh tarkibida o‘tishni mashq qilishdi.

Markaz bitiruviga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekiston va Qozog‘iston mudofaa vazirliklari vakillari, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar so‘nggi yetti yillik davr ichida O‘zbekiston Qurolli Kuchlarini har tomonlama isloh etish, milliy armiyamizni zamonaviy turdagi qurollar, aslahalar, harbiy va jangovar texnikalar bilan butlashda katta natijalarga erishilganini e’tirof etishdi. Harbiy xizmatchilarning ta’lim-tarbiya jarayonlariga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, harbiy qismlar, o‘quv mashg‘uloti maydonlari hamda jangovar tayyorgarlik ob’ektlari zamonaviy ko‘rinishga keltirilgani ta’kidlandi. O‘quv kursini tamomlagan harbiy xizmatchilarga sertifikat, faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari  tantanali tarzda topshirildi.

Qozog‘istonlik hamkasblar tomonidan mazkur markazda mehmonlarning tajriba almashishi, dam olishi va madaniy hordiq chiqarishi uchun yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorchilik bildirilib, ta’lim jarayonida o‘zbekistonlik malakali mutaxassislarning jalb etilishi Qozog‘iston harbiy xizmatchilarining malaka oshishida muhim rol o‘ynaganini alohida e’tirof etildi.

O‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan qo‘l jangi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar tadbirga o‘zgacha jo‘shqinlik olib kirdi.

O‘zA