“Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida “Suv resurslarini tejash zarurati zamon talabi” mavzusida sessiya bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri Sh.Hamroyev suv resurslarini tejash, sohada olib borilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi:
— Global iqlim o‘zgarishi, aholi soni va iqtisodiyot tarmoqlarining o‘sishi, ularning suvga bo‘lgan talabi yil sayin ortib borishi tufayli nafaqat respublikamizda, balki Markaziy Osiyo mintaqasida suv resurslari taqchilligi yildan-yilga kuchayib bormoqda. Jumladan, O‘zbekiston yiliga 51-53 mlrd.m3 suv resurslaridan foydalanayotgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich ajratilgan suv olish limitiga nisbatan 20 foizga kamdir. Suv taqchilligi bilan bog‘liq vaziyatni e’tiborga olib, O‘zbekistonda suv xo‘jaligini rivojlantirish, suv resurslaridan tejamli va samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayapti.
— Xususan, O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi, O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi tasdiqlandi. Konsepsiya va Strategiyada belgilangan asosiy vazifalardan kelib chiqib, suv resurslarini samarali boshqarish, suvni tejaydigan va raqamli texnologiyalarni joriy qilish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish hisobiga yiliga 7 million kubometr suv tejalishiga erishilmoqda. Shuningdek, so‘nggi yillarda irrigatsiya ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish hisobiga 1,5 million gektar sug‘oriladigan maydonning suv ta’minoti yaxshilanishiga erishildi.
2022 yilda quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish hamda suv iste’molchilari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida tumanlarda 161 ta Suv xo‘jaligining maxsus xizmati bo‘limlari tashkil etilib, suv xo‘jaligi tashkilotlariga iste’molchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzib ishlash imkoni berildi.
Respublikada jami sug‘oriladigan yer maydonlari 4,3 million gektarni tashkil etib, bugungi kunga qadar suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan maydonlar 1,2 million gektarga yoki sug‘oriladigan yerlarning 28 foiziga yetkazildi. Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish ko‘lami bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Osiyoda 1-o‘rinda, MDH davlatlari orasida 2-o‘rinda, Osiyo davlatlari orasida 4-o‘rinda, dunyoda esa 13-o‘rinda turibdi.
Oldimizga 2030 yilgacha sug‘oriladigan ekin maydonlarini to‘liq suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olish vazifasi qo‘yilgan. Suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari uskunalari va butlovchi qismlari ilgari import qilingan bo‘lsa, hozirda ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar soni 50 dan oshdi, — dedi vazir.
Shuningdek, anjumanda suv xo‘jaligi sohasiga raqamli texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha 2021-2023 yillarda suv xo‘jaligi ob’ektlariga 5 ming 479 ta “Aqlli suv” qurilmasi, nasos stansiyalariga 1 ming 446 ta suvni onlayn nazorat qilish qurilmasi hamda meliorativ kuzatuv quduqlariga sizot suvlari sathi hamda minerallashganlik darajasini onlayn nazorat qiluvchi 5055 ta “Dayver” qurilmalari o‘rnatilgani qayd etildi.
Bundan tashqari, qayd etilganidek, 45 ta yirik suv xo‘jaligi ob’ektlarining boshqaruv jarayoni avtomatlashtirildi. Raqamlashtirish hisobiga 2022 yilda 542 million m3 miqdorida suv iqtisod qilindi, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini baholash aniqligi 20 foizga oshirildi. Boshqarish jarayonini avtomatlashtirish orqali suvning texnik yo‘qolishini 10 foizgacha kamaytirishga erishildi.
Xalqaro anjumanda xorijiy ekspert va mutaxassislar ham suv xo‘jaligi sohasidagi ishlar, hamkorlikdagi sa’y-harakatlar xususida fikr-mulohazalarini bildirdi.
Muhtarama Komilova, O‘zA