Avval xabar berganimizdek, Toshkent shahrida “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi bo‘lib o‘tmoqda. Xalqaro haftalik doirasida “Barqaror rivojlanish maqsadlari: oziq-ovqat xavfsizligi va suv ta’minoti” xalqaro konferensiyasi tashkil etildi.
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovning so‘zlariga ko‘ra, keyingi yillarda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning mustahkam normativ bazasi shakllantirildi.
Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish mexanizmlarini kengaytirish maqsadida paxta maydonlari hamda yangi intensiv bog‘, uzumzor va issiqxona xo‘jaliklarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda xarajatlarning bir qismini davlat tomonidan qoplab berish amaliyoti ilk marotaba joriy etildi. Natijada so‘nggi 5 yilda 1,5 million gektardan ortiq maydonda suv tejovchi texnologiyalar, jumladan 400 ming gektar – tomchilatib, 31 ming gektar – yomg‘irlatib, 16 ming gektar – diskret, 73 ming gektar – egiluvchan quvurlar orqali, 36 ming gektar – plyonka to‘shab sug‘orish hamda 452 ming gektarda lazerli tekislash texnologiyalari joriy qilindi. Natijada yiliga 4,5 milliard m3 suv iqtisod qilish imkoniyati yaratildi.
Ichki bozorni g‘alla bilan kafolatli ta’minlash tizimi joriy etilib, 4,5 million tonna g‘alla fermerlar ixtiyorida qoldi. Ekinlarning yangi serhosil navli urug‘lari ekilishi, yerlarning lazerli tekislanishi, zamonaviy agrotexnologiyalar joriy etilishi natijasida paxta hosildorligi 24,2 sentnerdan 34 sentnerga, boshoqli don hosildorligi 57,6 sentnerdan 69,7 sentnerga yetdi.
Meva-sabzavotlar maydoni 470 ming gektarga oshdi, 75 ming gektar intensiv bog‘ va tokzorlar va 3 ming 700 gektar zamonaviy issiqxonalar barpo etildi. 200 ming gektar paxta-g‘alla qisqarib aholiga berildi. Meva-sabzavot ishlab chiqarish 20 foizga oshib, 22,5 million tonnaga yetdi. G‘alla hosildorligi 57 sentnerdan 70 sentnerga oshdi va 2023 yil yalpi ishlab chiqarish 8,1 million tonna kutilmoqda. Umuman qishloq xo‘jaligida yillik o‘sish o‘rtacha 5 foizni tashkil etmoqda. “Global oziq-ovqat xavfsizligi” indeksida O‘zbekistonning o‘rni 113 ta mamlakat orasida 12 pog‘ona ko‘tarilib (85 dan 73 ga), eng yuqori o‘sishga erishgan 10 ta mamlakat ichida 1-o‘rinni egalladi.
Oziq-ovqat sanoati mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 124 foizga, aholi jon boshiga hajmi 1,3 barobarga oshgan. Qishloq xo‘jaligi texnikalarining modernizatsiyalanishi hisobiga chigit ekish mavsumini 25 kundan 15 kunga, g‘alla o‘rish mavsumini 30 kundan 25 kunga qisqartirish hamda shudgorlashni 25-30 kunda yakunlashga imkon yaratildi, hosildorlik 10-15 foiz oshishiga erishildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA