Qirg‘iziston Prezidentining qarindoshi Ulan Japarov korrupsiyada gumonlanib, ushlandi. Bu ma’lumotni davlat rahbari matbuot kotibi Erbol Sultonboyev tasdiqladi.
“Qo‘lga olingan Ulan Japarov, haqiqatan, davlat rahbarining qarindoshi. Uning bojxona muammosi bilan bog‘liq korrupsiyaga aloqador guruhda mavjudligi gumon qilinmoqda. Prezidentning shaxsan o‘zi gumonlanuvchilarga nisbatan mutlaq qonuniy chora ko‘rishni talab qilgan”, deyiladi xabarda.
Matbuot kotibi qo‘lga olingan 32 yoshli Ulan Japarov Qirg‘iziston Prezidentining amakivachchasi Rakimjan Japarovning o‘g‘li ekanini tasdiqladi.
Sultonboyev urg‘ulashicha, jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etgan har qanday fuqaro qonun doirasida to‘liq javobgarlikka tortiladi.
– Agar ish korrupsiya bilan bog‘liq bo‘lsa, yetkazilgan zarar qoplanishi shart, – dedi u. – Bu holat korrupsiyaga qarshi kurashda tanlov yo‘qligini yana bir bor ko‘rsatadi. Davlat rahbarining talabi shunday!
O‘zA