Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotida keltirilishicha, dunyo aholisining yarmi haligacha toza suv, tozalik vositalari bilan ta’minlanmagan. Bu muammo har yili 1 million 400 ming kishi hayotdan erta ketishiga sabab bo‘lmoqda. Xususan, 2019 yil diareya xastaligi oqibatida bir milliondan ziyod inson qurbon bo‘ldi.
Tozalikka amal qilmaslikdan kelib chiqadigan o‘tkir respiratorli xastaliklar ham borgan sari ko‘paymoqda. O‘tgan yil ushbu xastalik tufayli 356 ming kishining yostig‘i quridi. Ichimlik suvi, tozalik va gigiyena vositalari yetishmasligi mintaqalarda besh yoshgacha bo‘lgan 395 ming bolani hayotdan olib ketdi. O‘lim holatining to‘rtdan uch qismi Afrika va Janubiy Osiyo mamlakatlariga to‘g‘ri kelmoqda.
Ichimlik suvi yetishmasligi dunyo hamjamiyati duch kelayotgan keskin muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Toza suv tanqisligi organizmda temir moddasi yetishmovchiligini keltirib chiqaradi, anemiya, vabo infeksiyasini qo‘zg‘aydi, dizenteriya va gepatit A kasalligiga sabab bo‘ladi. Qolaversa, ichimlik suvi yetishmasligi bola rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, to‘yib ovqatlanmaslik muammosini yuzaga keltiradi, normal o‘sishga xalaqit beradi.
Mutaxassislar fikricha, toza suv tanqisligini bartaraf qilish uchun zudlik bilan zarur chora ko‘rish kerak. Xususan, infratuzilmani yaxshilash, suv zaxirasini muhofaza qilish hamda aholining gigiyenik va ekologik bilimi, mas’uliyatini oshirishga qaratilgan investitsiya hajmini ko‘paytirish lozim.
S.Rahimov, O‘zA