Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 6 iyul kuni Sirdaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvni nomzodning Sirdaryo viloyati bo‘yicha bo‘yicha ishonchli vakili Pokiza Ahmedjonova ochdi. Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Sirdaryo viloyatida amalga oshirilgan keng ko‘lamli va xalqchil islohotlar aholining barcha qatlamlarini qamrab olgani, buning natijalari kundalik hayotda yaqqol sezilayotgani ta’kidlandi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi.
Nomzod dastlab kelgusi yetti yilda viloyatda transport sohasini rivojlantirishga oid rejalari haqida to‘xtaldi.
– Sirdaryo viloyatida jamoat transporti qatnovlarini ko‘paytirish uchun 160 ta yangi avtobus olib kelinadi, zamonaviy loyihalar asosida 60 ta bekat quriladi. Bular orqali sirdaryolik 600 mingdan ziyod odamning uzog‘i yaqin bo‘ladi. Bundan tashqari, “Toshkent – Xovos” yo‘nalishida 35 yil avval sotib olingan elektropoyezdlarni yangilaymiz. Buning uchun 20 million dollar evaziga zamonaviy elektropoyezdlar olib kelamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Saylovoldi dasturida viloyatda elektr energiyasi ta’minotini yanada yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratilgan.
– Albatta, kelgusi yillarda yaratiladigan yangi ishlab chiqarish quvvatlari hisobiga viloyatda elektr energiyasiga bo‘lgan talab ham keskin oshadi. Bu borada o‘tgan yili Turkiyaning “Cengiz enerji” kompaniyasi bilan 150 million dollar investitsiya evaziga Xovosda 220 Megavattli bug‘-gaz elektr stansiyasi ishga tushirildi.
Shu yilning o‘zida Boyovut tumani va Shirin shahrida Saudiya Arabistonining “Acwa power” kompaniyasi tomonidan 1 milliard 100 million dollar sarmoya hisobiga yana 1,5 ming Megavattli issiqlik elektr stansiyasi foydalanishga topshiriladi. Bundan tashqari, kelgusi ikki yilda Fransiya, Yaponiya va Qatar kompaniyalari konsorsiumi tomonidan 1 milliard 100 million dollar investitsiya kiritilib, qo‘shimcha 1,5 ming Megavattli zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi barpo etiladi, – dedi nomzod.
Shavkat Mirziyoyev sirdaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimini isloh qilish, mutaxassislar tayyorlash sifatini yaxshilash borasidagi rejalarini ham ma’lum qildi.
– Pedagogika yo‘nalishidagi oliygohlarni alohida yondashuv asosida rivojlantiramiz. Kelgusi o‘quv yilidan bakalavr pedagog kadrlar tayyorlashni to‘liq davlat grantiga o‘tkazamiz. Magistraturada esa kvotalar ikki karra oshirilib, to‘liq davlat hisobidan bo‘ladi. Kadrlar yetishmaydigan, ta’lim sifati og‘ir maktablar oldindan tanlanib, ular uchun maqsadli davlat buyurtmasi joriy qilinadi. Bunda, buyurtma asosida o‘qishni tamomlagan yoshlarga ushbu maktablarda borib ishlashlari uchun jozibador rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘yamiz. Pirovardida, 2030 yilga borib bog‘cha tarbiyachisi ham, maktab o‘qituvchisi ham faqat va faqat oliy ma’lumotli bo‘ladi, – dedi nomzod.
Shavkat Mirziyoyev yoshlarni talabalikka qabul qilish tizimini o‘zgartirishga oid rejalari haqida to‘xtalib o‘tdi.
– Endi yoshlarimizning maktabda o‘qigan baholarini ham inobatga olish amaliyotini yo‘lga qo‘yamiz. Kelgusi yildan abituriyentlar 3 ta asosiy va 2 ta qo‘shimcha fanni tanlab, test sinovlaridan o‘tadi va uning natijalariga qarab oliygoh, ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Xabaringiz bor, xorijiy tillardan xalqaro sertifikati bor abituriyentlarga chet tili bo‘yicha imtihon topshirmaslik imtiyozini bergan edik. Endi bu imtiyozni matematika, fizika, kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha xalqaro tan olingan sertifikati bor yoshlarga ham tatbiq etamiz, – dedi nomzod.
Bundan tashqari, davlat grantlari bilan bir qatorda ish beruvchilar va oliygohlar tomonidan grantlar berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi aytildi.
– Misol uchun, yiliga 100 milliard so‘m “oborot” qilayotgan korxona o‘ziga zarur 30 nafar yosh mutaxassis uchun grant ajratsa, yiliga o‘rtacha 300 million so‘m xarajat qiladi. Faoliyat turiga qarab, korxonalar ushbu xarajati doirasida 30-35 million so‘m soliq to‘lashi kerak. Endi korxonalar va oliygohlarning ushbu maqsadlarga yo‘naltirgan mablag‘lari soliq bazasiga kiritilmaydi. Shunda ish beruvchilar o‘rtasida iqtidorli yoshlarni jalb qilishga kurash, oliygohlarda sifat uchun raqobat kuchayadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Har yili 5 ming nafar professor-o‘qituvchilar tajriba almashish uchun xorijga yuborilishi ma’lum qilindi. Ushbu maqsad uchun 2030 yilga qadar 50 million dollar yo‘naltirish rejalashtirilmoqda.
– Shuningdek, har yili 200 nafar yosh olimlarimizni keyinchalik oliygohlarga qaytib dars berish sharti bilan, xorijiy ilmiy tashkilotlarda dissertatsiya yoqlashga jo‘natamiz. Oliygohlarning Ilmiy kengashlariga dunyoning nufuzli oliygohlaridan yetakchi professorlarni jalb qilish vaqti keldi, – dedi nomzod.
Nomzod professor-o‘qituvchilar o‘quv yuklamasi 25 foizga qisqartirilishi, lekin ish haqi kamaytirilmasligi rejalashtirilayotganiniaytdi.
– Professor-o‘qituvchilar sharoitlarini yanada yaxshilash bo‘yicha islohotlarni davom ettiramiz. Masalan, bugungi kunda oddiy assistent o‘qituvchining yillik o‘rtacha o‘quv yuklamasi 1 ming soatdan oshadi. Bunday ko‘p yuklama bilan o‘qituvchi qachon ilm qiladi, qachon o‘z ustida ishlaydi? Shu bois, professor-o‘qituvchilarning o‘quv yuklamasi 25 foizga qisqartiriladi va ularning ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratiladi. Eng muhimi, bunda ularning ish haqi kamaytirilmaydi. O‘z yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro tan olingan kasbiy sertifikatlarga ega bo‘lgan o‘qituvchilarga qo‘shimcha ustamalar belgilanadi. Shuningdek, bunday sertifikati bor amaliyotchilarga dars berish uchun magistrlik diplomi talab etilmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Nomzod hududlarimizda qurilayotgan uylarning 25-30 foizi professor-o‘qituvchilarga imtiyozli shartlarda berilishini ma’lum qildi.
– Yana bir taklifim bor. Oliygohlarda uzoq yillar ishlab, ilmiy maktablar yaratgan professor-o‘qituvchilar nomini shu dargohdagi kafedra, laboratoriya, kutubxona, auditoriya va o‘quv binolariga berish amaliyotini joriy qilsak, nima deysizlar, – dedi nomzod.
Uchrashuvda partiya vakillari va mehmonlar so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi va boshqalarni ham shunga da’vat etdi.
Ziyodulla JONIBEKOV, O‘zA