“Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga asosan futbolni yanada ommalashtirish va rivojlantirishning qo‘shimcha yo‘nalishlari belgilandi.
Qarorga ko‘ra, har yili quyidagilar o‘tkaziladi:
– mart-iyun oylarida mahalla yoshlari hamda qizlari o‘rtasida “Ommaviy futbol” dasturi doirasida futbol festivallari;
– 10 dekabr – Butunjahon futbol kuni munosabati bilan aholi o‘rtasida ommaviy “fleshmob” tadbirlari;
– sentyabr-may oylarida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Maktablarda futbol” dasturi doirasida futbol musobaqalari, mahorat saboqlari va festivallari;
– sentyabr-may oylarida OTMda “Talabalar ligasi” dasturi doirasida 3 bosqichli respublika futbol musobaqalari.
Shuningdek, Yoshlar siyosati va sport vazirligi tizimidagi futbol mahorat maktablari O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tasarrufiga o‘tkazilib, futbol akademiyalari sifatida qayta tashkil etiladi.
2023 yil 1 iyuldan:
– nodavlat futbol muassasalari uchun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi a’zosi bo‘lishi talabi o‘rnatiladi;
– O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan nodavlat futbol muassasalarining reytingi yuritiladi.
M.Turdaliyeva, A.Sodiqov O‘zA