Xalqaro ko‘rgazma doirasida taniqli yozuvchi va shoirlar, madaniyat namoyandalari bilan uchrashuvlar, kitob targ‘ibotiga doir tadbirlar tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston milliy pavilyoni ko‘rgazma ishtirokchilari va tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ko‘rgazma-yarmarkaning ikkinchi kuni O‘zbekiston milliy pavilyonida “Noshirlik faoliyatining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi: imtiyoz va preferensiyalar, kitob mutolaasi va targ‘ibotida zamonaviy usullar (“Kitob olami” ma’rifiy majmuasi misolida)” mavzuida davra suhbati, “Buyuk qozoq adibi Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosi” mavzusida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan 2018 yilda chop etilgan “O‘lan” she’riy to‘plami taqdimoti o‘tkazildi.
Bundan tashqari, “Korme” ko‘rgazmalar markazining konferensiyalar zalida Qozog‘iston tomonining buyurtmasiga asosan tayyorlangan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 sentabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarorining mazmuni va ahamiyati” mavzusida amaliy muloqot tashkil etildi.
– O‘zbekiston milliy pavilyoni bilan tanishib, mamlakatingizda kitob targ‘iboti faol olib borilayotganiga guvoh bo‘ldik, – deydi “Clavis” nashriyoti vakili Irina Gribanova (Belgiya). – Turli mamlakatlarda bo‘lganman, xalqaro kitob ko‘rgazmalarida qatnashganman. Lekin kitob targ‘ibotiga davlat tomonidan bu qadar katta e’tibor beriladigan mamlakatni ko‘rmaganman. Nashriyotimiz bolalar adabiyotini chop etishga ixtisoslashgan. Kelgusida mamlakatingizdagi shunday nashriyotlar bilan hamkorlik qilishni rejalashtirdik.