Sog‘liqni saqlash sohasining rivoji davlat va jamiyat taraqqiyoti, xalq hayotining farovonligida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois tizimdagi yangilanishlarni, avvalo odamlar o‘zida his qilishi, hayoti va salomatligidagi ijobiy o‘zgarishlarda ko‘rishi zarur. Mamlakatimizda har doim bu sohaga katta e’tibor qaratib kelinadi.

O‘tgan yetti yil mobaynida tizimdagi eng katta o‘zgarishlardan biri, bu — davlat shifoxonalari bilan birga xususiy tibbiyotning rivojlanishi bo‘ldi. Avvallari xususiy tibbiyot faqat stomatologiya xizmatlari bilan cheklangan edi, hozirda esa xususiy klinikalar deyarli barcha yo‘nalishlarda faoliyat yuritib kelmoqda.

Jumladan, Davlat rahbarining tegishli qarorlari bilan xususiy tibbiyot tashkilotlariga 129 ta tibbiy ixtisoslik bo‘yicha litsenziya olishlariga imkoniyat berildi, sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sherikligining huquqiy asoslari yaratildi, ayniqsa, chet el investitsiyalarini jalb etishni kengaytirish, aholining yuqori texnologik tibbiy xizmatlar va uskunalardan foydalanish imkoniyatlarini oshirishda nodavlat sektor ishtirokini rag‘batlantirish belgilandi, xususiy tibbiyot muassasalarida transplantologiya kabi murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga ruxsat berildi, “Hamshiralik ishi” va “Mobil tibbiyot”ni tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratildi.

Natijada xususiy tibbiyot tashkilotlari soni 3 mingdan 8,5 mingga, xususiy tibbiyot tashkilotlarining ixtisosligi bo‘yicha beriladigan litsenziyalar turi 50 tadan 129 taga, mahalliy farmatsevtika korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi 2 644 tadan 3 600 taga, shundan dori vositalari turi 2556 tadan 3 096 taga, tibbiy buyumlar turi 49 tadan 419 taga, tibbiy texnika mahsulotlari turi 29 tadan 85 taga yetkazildi.

Joriy yilning 5 iyul kuni “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida xorijiy va mahalliy ekspertlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan forumda sog‘liqni saqlash vaziri A.Inoyatov mazkur yo‘nalishdagi islohotlar kelgusida ham jadal davom ettirilishi borasida alohida to‘xtalib o‘tdi.

A.Inoyatov o‘z ma’ruzasida davlat tibbiyot tashkilotlarining vazifalarini bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazish bo‘yicha ishlar olib borilayotganligi, xususiy sektorning tibbiy xizmatlardagi ulushini hozirgi 20 foizdan 2025 yilga borib 35 foizga, 2030 yilda esa 60 foizga

yetkazish hamda kafolatlangan tibbiy xizmatlar hajmi doirasida tibbiy xizmatlarni xususiy sektordan sotib olishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilganini ta’kidlab o‘tdi.

Shu o‘rinda aholi salomatligini muhofaza qilishda nega xususiy tibbiyotga tayanish kerak, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Bunga sabab, tizimga xususiy sektorning kirib kelishi sog‘lom raqobat muhitini yaratadi, tibbiy xizmat sifatini oshiradi hamda davlat muassasalarida ish yuklamasini kamaytirish orqali byudjet mablag‘larining tejalishiga olib keladi.

Yaratilgan imkoniyatlar natijasida xususiy tibbiyot muassasalari sonining ko‘payishi bilan bir qatorda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yanada ko‘tarilishi, raqobatning shakllanishi natijasida yuqori tibbiyot texnologiyalaridan foydalanish ko‘lamining oshishi, shuningdek narxlarning arzonlashishiga turtki bo‘ladi.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, mamlakat tibbiyotining kelajagi xususiy sektorning rivoji bilan bevosita bog‘liq, shu bois, sohadagi islohotlarni yanada keng ko‘lamda davom ettirish davr talabidir.

Zero, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yilning 18 mart kuni tibbiyot xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqoti chog‘ida ta’kidlaganidek, “Xususiy klinikalardagi sharoit va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati davlat shifoxonalaridan ancha oldinda va bundan faqat xursand bo‘lishimiz kerak”.

 

Jamshid SHARIPOV,  

“Taraqqiyot strategiyasi”  

markazi bo‘lim boshlig‘i