Mamlakatimizning xalqaro maydondagi ilm-fan va innovatsiya borasidagi nufuzini oshirish, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini yanada yuksaltirish maqsadida Yangi O‘zbekiston universitetida joriy yilning 3 – 6-iyul kunlari “International Conference on Information Science, Computer and Applications” (ICISCA 2023) xalqaro ilmiy konferensiyasi o‘tkazildi.

Ushbu nufuzli tadbirga dunyoning ko‘plab xorijiy tadqiqotchi-olimlari, jumladan AQSH, Kanada, Norvegiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Isroil, Kanada, Germaniya, Hindiston, Malayziya kabi 40 dan ortiq davlatlardan chet ellik ishtirokchilar tashrif buyurishdi. Bundan tashqari, mazkur xalqaro ilmiy konferensiyaga yurtimizda ilm-fan ahli orasida ham katta qiziqish uyg‘onib, axborot texnologiyalariga qiziquvchi 100 dan ortiq mahalliy tadqiqotchi olimlar va professor-o‘qituvchilar ishtirok etishdi.

Bu kabi xalqaro yig‘inlar tadqiqotchi olim, hamda ushbu sohaga qiziquvchi barcha ilm-fan vakillariga axborot texnologiyalari sohasidagi yangiliklar bilan o‘rtoqlashish, tajriba almashish, shuningdek, yuqori tajribaga ega mutaxassislar bilan suhbatlashib, ular bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish uchun qulay imkoniyat sifatida xizmat qiladi.

O‘.Alimov, D.Yoqubov (video), O‘zA