Poytaxtimizda mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimi transformatsiyasi va zamonaviy tibbiyot tizimi rivojiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro tadbir muhokamalarga boy bo‘ldi. Unda jahonning qator davlatlaridan kelgan tibbiyot sohasi bo‘yicha yetakchi ekspertlar, xususan, xalqaro tashkilotlar, nufuzli klinikalar, dunyo reytingida yetakchi o‘rinda turgan oliy o‘quv yurtlari vakillari ishtirok etdi.

— So‘nggi 6-7 yilda O‘zbekistonda barcha sohalar, jumladan, sog‘liqni saqlash tizimi tubdan rivojlanmoqda, — deydi Ozarbayjon Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining buyrak transplantatsiyasi bo‘yicha bosh mutaxassisi Rashad Sholan. — Xususan, yurtingizda ko‘plab tibbiy markazlar ochildi, yuqori texnologik tibbiy xizmatlar aholiga ko‘rsatila boshlandi. Assotsiatsiyamiz O‘zbekiston bilan 2 yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Ushbu qisqa vaqt davomida buyrak transplantatsiyasi bo‘yicha ko‘plab mutaxassislarni birgalikda tayyorladik. Masalan, 2022 yilning oxirida 8 nafar o‘zbekistonlik shifokor markazimizda malaka oshirdi. Hozir Namangan viloyatida buyrak transplantatsiyasiga ixtisoslashgan yangi markaz tashkil etish rejalashtirilyapti. Bugungi anjuman ushbu sohadagi dolzarb masalalarni birgalikda hal qilishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA