“Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat”. Jahon hamjamiyatining diqqat-e’tiborini tortgan mazkur nufuzli xalqaro anjumanda dunyoning qariyb barcha qit’asidan 450 dan ziyod ekspertlar ishtirok etmoqda.

Bugun, 5 iyul O‘zbekiston madaniy meros haftaligi doirasida tashkil etilayotgan anjumanlarning navbatdagi, ikkinchi kuni nihoyasiga yetdi.

Dastlab “O‘zbekiston – sog‘lom va bilimli jamiyat” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi. Tadbirning birinchi qismida “Sifatli ta’lim – Yangi O‘zbekistonning mustahqam poydevori”, ikkinchi qismida esa “Inson kapitali: global muammolar va rivojlanish tendensiyalari” mavzusiga bag‘ishlangan panel munozaralar bo‘lib o‘tdi.

Shundan so‘ng “Yangi O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimining transformatsiyasi, zamonaviy tibbiyot tizimini rivoji: global va milliy tendensiyalar” mavzusida ma’ruza, savol-javob shaklida suhbat o‘tkazildi, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish borasidagi ishlar xabari yetkazildi.

Navbatdagi anjumanda esa “O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” loyihasiga e’tibor qaratildi. “Sifatli ta’lim va innovatsiyalar – barqaror kelajak asosi” shiori ostida o‘tgan konferensiya qator sessiyalarga bo‘lingan holda, xorijiy ekspertlar taqdimotlari, muhokama, munozara shaklida davom etdi. “Oliy ta’lim tizimi islohoti: zamonaviy muammolar va tendensiyalar”, “Global innovatsiya indeksi – innovatsiyaviy rivojlanish o‘lchovining mezoni: dunyo tajribasi” va “Oliy ta’lim va innovatsion tarraqiyot” mavzusidagi sessiyalar ketma-ket kunning asosiy voqeligiga aylandi.

Qayd etishimiz kerak, haftalik o‘tkazilishidan asosiy maqsad jonajon diyorimiz taraqqiyoti, misliko‘rilmagan islohotlar xususida jahon ahliga atroflicha, har bir soha faoliyati misolida axborot yetkazish. “Yangi O‘zbekistonning yangilanayotgan qiyofasi” mavzusidagi anjumanda yashil iqtisodiyot, urbanizatsiya, qurilishda muqobil energiya, yashil hududlar va albatta aholini uy-joy bilan ta’minlash borasidagi adolatli ijtimoiy siyosat masalalari ko‘rib chiqildi.

Haftalikning navbatdagi yana bir kuni muvaffaqiyatli yakunlandi.

Behruz Xudoyberdiyev,
Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA