Xorijiy ekspertlar O‘zbekiston ta’lim tizimi to‘g‘risida qanday fikrda?

Hozirgina Toshkent shahrida “O‘zbekiston – sog‘lom va bilimli jamiyat” mavzusidagi xalqaro konferensiya yakuniga yetdi.

Tadbirning birinchi qismida “Sifatli ta’lim – Yangi O‘zbekistonning mustahqam poydevori”, ikkinchi qismida esa “Inson kapitali: global muammolar va rivojlanish tendensiyalari” mavzusiga bag‘ishlangan panel munozaralar tashkil etildi.

O‘zA muxbiri sessiyalarda ishtirok etgan xalqaro ekaspertlarning mamlakatimizda bir-biri bilan chambarchas bog‘langan ta’lim sohasida – maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi, o‘rta maxsus va oliy ta’lim tizimlari, ilmiy-tadqiqot muassasalarini rivojlantirish bo‘yicha beqiyos o‘zgarishlar amalga oshirilayotgani to‘g‘risida bildirgan fikrlarini yozib oldi.

YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade:

– O‘zbekiston bugun tarix chorrahasida, ta’lim rivojida yangi marralarni zabt etishga intilmoqda. O‘zbekiston hukumati xalqning barqaror rivojlanishi va farovonligi uchun sifatli ta’lim muhimligini anglagan holda, sohada islohotlar amalga oshirish uchun katta sa’y-harakatlarni amalga oshirdi. Bu islohotlar xalqaro tashkilotlarning mustahkam hamkorlik va ko‘magini talab qiladi va biz bu islohotlarni amalga oshirishda ishtirok etayotganimizdan mamnunmiz.

Ta’lim bo‘yicha xalqaro ekspert, 2023-2026 yillarda O‘zbekiston ta’lim tizimini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish ishchi guruhi a’zosi Metyu Goldi-Skott:

– Ta’limning yuqori darajasiga erishish uchun islohot va o‘zgarishlarni amalga oshirish kerak. O‘zbekiston bu yo‘nalishda qat’iy harakat qilayotganini ko‘rib, xursandman. O‘qitishning zamonaviy uslublarini joriy etish, o‘quv dasturlarini yangilash, sifatli o‘quv materiallari ishlab chiqish va ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash sifatli ta’limning ajralmas tarkibiy qismidir

O‘zbekiston allaqachon ta’lim va ilm-fan sohasida sezilarli yutuqlarga erishdi, biroq ta’lim qulayligi, o‘qitish sifatini oshirish va barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatni ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishimiz lozim.

Birlashgan Arab Amirliklarida Milliy maktab rahbari va ta’lim bo‘yicha xalqaro ekspert Aslan Ibragim:

– Yurtingiz maktablarida ta’lim sifatini oshirish maqsadida mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida umumta’lim fanlaridan iborat Milliy o‘quv dasturi yaratilganidan xabardorman.

Dasturga asosan 420 nomdagi yangi avlod darsliklari yaratilib, Kembridj, Klett nashriyotlari va Gersen universiteti darsliklari mahalliylashtirilib, ingliz, nemis va rus tili fanlaridan xalqaro tan olingan 79 nomdagi o‘quv-metodik qo‘llanma va darsliklar tatbiq etilgani o‘quvchilarda yangi bilimlarni o‘zlashtirishda katta ahamiyat kasb etmoqda.

Shuningdek, ilk bor xalqaro baholash tadqiqotlari (PIRLS, TIMSS, PISA, TALIS) va indekslarda (Inson kapitali indeksi – 2020) O‘zbekiston umumta’lim muassasalari ishtiroki ta’minlanib, xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning o‘rni so‘nggi yillarda yaxshilanayotganini kuzatishimiz mumkin.

Cambridge Assyessment tashkiloti ta’lim xizmatlari departamenti direktori Stiv KING:

– O‘zbekistonda ta’lim va tarbiyaning zamonaviy usullari joriy etilgan bo‘lib, maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilari malakasini oshirish borasida ham ishlar olib borilayotganiga guvoh bo‘ldik. Yurtingizda, shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalaridan barcha bolalar, jumladan, imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun ham qulay sharoit yaratishga e’tibor qaratilgan.

O‘zbekistonda ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, ta’lim sifatini oshirish, yuqori malakali pedagog kadrlar tayyorlashga asosiy e’tibor qaratilmoqda. Bundan tashqari, ta’lim olish uchun zamon talablariga javob beradigan shart-sharoitlar yaratish ustida ishlanmoqda.

KEI Advanced” ta’lim tashkiloti direktori va ijrochi menedjeri Xiromitsu Sakata:

– Ta’lim sohasida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi JICA bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ham bir qancha loyihalarni amalga oshiryapmiz. Ulardan biri matematika fanidan maktab o‘quvchilarini bilimini baholashga qaratilgan “Yaponiya uslubidagi akademik yutuqlarni baholash modeli” loyihasidir.

Ushbu dastur doirasida biz 40 ta umumta’lim, 10 ta xususiy va 2 ta Prezident maktablarining 8-9-10-sinf o‘quvchilari bilan 4 marotaba test-sinovlarini o‘tkazdik hamda natijalarni tahlil qilib tegishli tashkilotlarga taqdim etdik. 2021 yildan buyon olib borilayotgan loyiha doirasida shuni guvohi bo‘ldikki, 1-tajriba sinovi va 4-tajriba sinovi natijalari orasida katta o‘zgarish bor, ayniqsa, Prezident maktablari o‘quvchilari natijasi bizni hayron qoldirdi.

Massachusets texnologiya instituti Ta’lim innovatsiya va texnologiyalari departamenti direktori – dekanning birinchi o‘rinbosari Vidjay Kumar:

– Massachusets texnologiya instituti Yangi O‘zbekiston universiteti bilan tayyor o‘quv jarayonini tashkil etib berishga emas, balki mutaxassislar malakasini oshirish orqali eng ilg‘or tajribani joriy eta oladigan jamoani shakllantirish borasida hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Fikrimcha, maktab ta’limi borasida ham, eng avvalo, inson kapitaliga, jumladan, pedagoglarni malakasini oshirish, ularni xalqaro standartlar asosida baholashga katta e’tibor qaratish lozim.

Umuman olganda O‘zbekiston, aynan, shu yo‘ldan bormoqda. Masalan, vazirlik tizimida pedagoglarni baholashga qaratilgan alohida tuzilma, jumladan, Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tashkil etilgani gapimning isboti hisoblanadi.

Myunxen texnika universiteti “TUM International GmbH” xorijiy tashkiloti bosh direktori Friderika Hettinger:

– Ta’limda, ayniqsa, maktab ta’limida katta burilish yasagan iste’dodli yoshlar bilan ishlashning o‘ziga xos modeli bo‘lgan Prezident ta’lim muassasalari tizimiga to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Ushbu tizimni boshqa maktablarga joriy etilishi, O‘zbekistonni ulkan muvaffaqiyatga yetaklashiga ishonaman. Bu borada o‘zimizning ilg‘or tajribamiz bilan bo‘lishib, birgalikda katta marralarni egallash uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz degan umiddaman.

Behruz Xudoyberdiyev yozib oldi.

Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA