Poytaxtimizda “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida “Yangi O‘zbekistonning yangilanayotgan qiyofasi” deb nomlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.

Xalqaro anjumanda qayd etilishicha, mamlakatimiz qurilish sohasi iqtisodiyotning jadal sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan tarmoqlaridan biri hisoblanadi. 2020 yilda 88 trillion so‘mni, 2021 yilda 108 trillion so‘mni va 2022 yilda 131 trillion so‘mni tashkil etgan.

–O‘zbekiston aholisining soni o‘sib borishi sharoitida respublikaning iqtisodiy rivojlanishida urbanizatsiya tobora muhim rol o‘ynamoqda, – deydi Janubiy Koreyaning “DL E&C” kompaniyasi vitse-prezidenti Jang Minsu. – Shu munosabat bilan urbanizatsiyaning kompleks rivojlanishida shaharlarning, jumladan, o‘rta shaharlarning muhim iqtisodiy markazlar sifatida bir maromda kengayishiga ahamiyat berish lozim. Shaharlarning kompleks diagnostikasini o‘tkazish orqali urbanizatsiya jarayonlariga to‘sqinlik qiluvchi muammolarni aniqlash, ularning yechimi bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish zarurati bugun har qachongidanda muhim.

Anjumanda qayd etilishicha, 1991 yildan 2016 yilgacha 2000 ga yaqin qurilish pudrat tashkilotlari faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 40 mingdan oshib ketdi. Urbanizatsiya hisobiga aholi sonining ortishi, infratuzilma tarmoqlaridagi haddan tashqari yuklamalar, transportlar harakatidagi tirbandliklar, chang, tutun shaharlar maydonlarini kengaytirishni, odamlar yashashi uchun qulay sharoitga ega yashil shaharlar qurishni taqozo etayotgan edi. Shuningdek, anjumanda, ko‘p xonadonli binolarning ko‘kalamzorlashtirish maydoni umumiy ob’ektning 25 foizidan kam bo‘lmasligi shaharsozlik norma va qoidalarida qat’iy belgilab qo‘yilgani qayd etildi.

Bugungi kunda foydalanishga topshiriladigan ko‘p qavatli uylar tomlari bo‘sh qismining kamida 50 foizida quyosh panellarini o‘rnatish talabi joriy qilingani ta’kidlandi. Shuningdek, hududlarda aholi xonadonlariga kichik quvvatli quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshirilmoqda. 2023 yilda 37 ming nafar aholi xonadonlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchan energiya manbalari qurilmalari o‘rnatiladi.

Mamlakatimizda aholi uchun yangi uy-joylar qurish hajmi 1,5 barobar oshirildi. Birgina 2023 yilda 90 mingta uy-joy qurish ishlari davom ettirilmoqda. Bu borada imtiyozli shartlar asosida ipoteka kreditlari berilmoqda. 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan respublika shahar, shaharchalarning bosh rejalari hamda qishloq (ovullar) aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha dastur shakllantirildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish hamda 2023–2027 yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlarini tasdiqlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi tayyorlanib, tasdiqlash uchun kiritilgan.

Ushbu dastur asosida 2023-2027-yillarda 27 ta shaharning bosh rejalariga tuzatish kiritiladi. 217 ta shaharchaning bosh rejalari va 518 ta qishloq aholi punktlari hududlarini shaharsozlik jihatidan rivojlantirish tarixlari hamda batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida hududlarni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Birgina o‘tgan yili “Obod mahalla” dasturlari doirasida 413 ta sharoiti og‘ir mahallaning bosh reja sxemalari hamda qishloq va mahallalar markazining arxitektura qiyofasini yaxshilash bo‘yicha loyihalari ishlab chiqildi. Jarayonga ilk bor xususiy loyiha tashkilotlari jalb qilindi. Bu kabi mahalla va qishloqlardagi jami 543 ijtimoiy soha, jumladan, 143 ta bog‘cha, 265 ta maktab, 136 ta tibbiyot, 1 ta madaniyat ob’ektlarida, shu bilan birga, aholini ichimlik suv bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilib, jami 382 ob’ektda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Tegishli qarorga asosan, jami 5 ming 284 mahalladagi 6007 ijtimoiy soha va infratuzilma ob’ektida qurilish-ta’mirlash ishlarini bajarish vazifasi yuklangan. Dasturga kiritilgan 5 ming 600 dan ziyod, yani 92 foiz ob’ekt foydalanishga topshirilgan. Bugungi kunda dastur doirasida iqtisod qilingan mablag‘lar hisobidan ham qo‘shimcha ob’ektlarda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, umumiy ob’ektlar 6 ming 173 tani tashkil etdi.

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA