Toshkent davlat transport universitetida 2023-2024 o‘quv yili qabul parametrlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda universitetning asosiy ko‘rsatgichlari, bu yilgi qabul kvotalari haqida ma’lumot berildi. Ta’kidlanishicha, 2023-2024 o‘quv yili uchun bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli uchun jami 62 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 2225 o‘rin ajratilgan.
Ulardan 680 tasi davlat granti asosida, 1545 tasi to‘lov-kontrakt asosida tasdiqlangan. Jumladan, bitta Geodeziya va geoinformatika ta’lim yo‘nalishi yangi kiritilgan. Bundan tashqari, bakalavriatning sirtqi ta’lim shakli uchun jami 875 o‘rin to‘lov-kontrakt asosida, masofaviy ta’lim shakli uchun 400 o‘rin to‘lov-kontrakt asosida ajratilgan. Shuningdek, magistraturada 46 mutaxassisliklar bo‘yicha jami 262 o‘rin ajratilgan. Ulardan 233 tasi davlat granti asosida, jumladan, 4 yangi – Ekologiya (transport sohasida), Elektrotexnik majmualar va tizimlar (transport sohasida), Metrologiya, standartlashtirish va sifatni boshqarish (transport sohasida), Mehnat muhofazasi, ishlab chiqarish va texnologik jarayonlar xavfsizligi (transport sohasida) mutaxassisliklari tasdiqlangan.
– 2022-2023 o‘quv yilida bakalavriatning kunduzgi, sirtqi va masofaviy ta’lim shakllari bo‘yicha 4490 nafar abituriyentlar o‘qishga qabul qilingan, – deydi qabul komissiyasi mas’ul kotibi Zokir Tursunov. – Bu tasdiqlangan qabul parametrlariga nisbatan qo‘shimcha, imtiyozli va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida qabul hisobiga foizga ortig‘i bilan amalga oshirilgan. Abituriyentlar kirish test sinovlarida universitet bo‘yicha o‘rtacha o‘tish ballari kunduzgi ta’lim shaklining o‘zbek tili ta’lim yo‘nalishlarida 91,3 ballni, rus tili ta’lim yo‘nalishlarida 71 ballni tashkil etgan. Magistratura mutaxassisliklariga qabul ikki bosqichda yozda va qishda amalga oshirilib jami 130 nafar talabgorlar talabalar safiga qabul qilingan.
Ma’lumot uchun, Toshkent davlat transport universitetida 9 fakultet, 41 kafedra bo‘lib, jami 618 nafar professor-o‘qituvchilar dars beradi. Ilmiy salohiyat 45 foizni tashkil etadi. Bugungi kunda universitetda 10517 nafar bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha, 8269 nafar bakalavriatning sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha, 357 nafar bakalavriatning masofaviy ta’lim shakli bo‘yicha, 268 nafar bakalavriatning qo‘shma ta’lim shakli bo‘yicha va 360 nafar magistraturaning mutaxassisliklari bo‘yicha, jami 19771 nafar talabalar ta’lim olib kelmoqda. 2023 yil universitetni 2906 nafar talabalar muvaffaqiyatli tamomladi.
Nilufar Bozorova,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA