So‘nggi yillarda mamlakatimizda qora metallar va undan tayyorlangan mahsulotlar ishlab chiqarish sanoati yildan-yilga rivojlanib bormoqda.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahliliga ko‘ra, so‘nggi yillarda qora metallurgiyaga ixtisoslashgan yuzlab yangi korxonalar paydo bo‘ldi, ularda 45 ming kishi mehnat qilmoqda. Sohaga aloqador korxonalar soni 450 tadan oshdi.

“O‘zmetkombinat” AJ uzoq vaqt davomida O‘zbekistondagi yagona qora metallurgiya korxonasi bo‘lib keldi. E’tiborlisi, 2017 yilda mazkur tarmoqda mahsulot ishlab chiqarish hajmi 15,4 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib bu ko‘rsatkich 106,4 trillion so‘mga yetdi. Ayni paytda tayyor prokat qora metallurgiya sanoatida eng talabgir mahsulotlardan biri bo‘lib, u ayniqsa, yarim tayyor mahsulotlar bozorida o‘ta qadrli hisoblanadi. Tayyor prokat qurilish, mashinasozlik, kimyo va oziq-ovqat sanoati, mebel ishlab chiqarish va interer dizayni kabi faoliyat sohalarida keng qo‘llaniladi, shuningdek, u metall konstruksiyalar va ramkalar yaratish uchun ham ishlatiladi.

Mamlakatimiz metallurglari ushbu turdagi mahsulot ishlab chiqarishda salmoqli yutuqlarga erishdi. Xususan, 2017-2022 yillarda O‘zbekistonda ishlab chiqarish hajmi 744,2 ming tonnadan 1171,6 ming tonnaga oshib, 57,4 foizga o‘sdi. Bundan tashqari, tarmoq boshqa tovar pozitsiyalari bo‘yicha ham ijobiy o‘sishni ko‘rsatmoqda. Masalan, shu davrda bukilgan profil ishlab chiqarish 18,6 ming tonnadan 251,3 ming tonnagacha, ya’ni 13,5 baravar o‘sdi.

Shuningdek, turli turdagi po‘lat quvurlar 2017 yilda 177,8 ming tonna ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2022 yilda mahsulot ishlab chiqarish quvvati 2 baravardan ziyod oshib, hajmi 372 ming tonnani tashkil etdi. Shu bilan birga, sisterna va boshqa po‘lat konteynerlar ishlab chiqarish 11 baravarga ko‘payib, 2017-2022 yillarda 23,5 ming tonnadan 262 ming tonnaga yetdi.

Xalqaro qora metallardan tayyorlangan mahsulotlar bozoridagi yuqori raqobat muhiti sharoitida mamlakatimiz metallurglari eksport hajmini oshirish borasida katta yutuqlarga erishdi. Hisobot davrida mahsulotga bo‘lgan ulkan ichki talabni qondirish bilan bir qatorda eksport hajmi 40 foizdan ortiqqa o‘sib, 152,8 million dollardan 215,1 million dollarga yetdi.

 

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA