Bu haqda “O‘zbekiston – sog‘lom va bilimli jamiyat” mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida o‘tkazilgan “Sifatli ta’lim – Yangi O‘zbekistonning mustahqam poydevori” sessiyalar turkumida ma’lum qilindi.

Anjumanning ikkinchi qismida “Inson kapitali: global muammolar va rivojlanish tendensiyalari” mavzusiga bag‘ishlangan panel munozarada ta’lim tizimini avtomatlashtirish, ma’lumotlar almashinuvini elektron shaklga o‘tkazish hamda tizimda shaffoflikni ta’minlash maqsadida yigirmadan ziyod axborot tizimlari joriy qilingani qayd etildi.

Masalan, Erp.maktab.uz – xalq ta’limi tizimini boshqarishning Yagona elektron tizim dasturiy majmuasi ishlab chiqildi, amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etilyapti. Ushbu dasturiy majmua 13 dan ziyod tashqi ma’lumotlar bazasi bilan integratsiya qilingan.

Shuningdek, onlayn qabul tizimi – qabul.maktab.uz ishlab chiqilib, Toshkent shahrida hamda viloyatlar markazlaridagi maktablardan jami 37 ming 190 nafar 1-sinf o‘quvchilar xujjatlari onlayn tarzda qabul qilindi.

Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 31 yanvardagi 44-son qarori bilan “Elektron shahodatnoma”ning davlat namunasi va uni bitiruvchilarga berish tartibi tasdiqlandi. Elektron shahodatnoma platformasi hisoblangan attestat.uzedu.uz ushbu yo‘nalishda dastgoh. Xalq ta’limi tizimidagi maktab bitiruvchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni avtomatlashtirish maqsadida “Attestat” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishga tushirildi. Bugungi kunda jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami bilan bog‘langan holda 1,7 million bitiruvchining shahodatnomalari raqamlashtirilgan.

Bundan tashqari, umumta’lim maktablarida yagona “Elektron ta’lim” tarmog‘i joriy etilishi boshlandi. “Elektron ta’lim” tarmog‘i uchun 454 ta elektron kontentlar ishlab chiqilgan.

Maktabgacha ta’lim tizimida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan kelishilgan rejaga muvofiq respublikadagi 99 foiz davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti internet bilan ta’minlangan.

Shuningdek, o‘n mingdan ziyod umumtalim maktablari va “Barkamol avlod” bolalar maktablarining kompyuter sinf xonalariga lokal tarmoq hamda o‘qituvchilar xonasiga Wi-Fi qurilmalar o‘rnatilgan.

Anjuman yakunida Yangi O‘zbekistonda ta’lim va tibbiyot tizimi transformatsiyasiga bag‘ishlangan videorolik namoyish qilindi.

 

Behruz Xudoyberdiyev,

Nosirjon Haydarov (surat),

O‘zA