Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan “Yangi O‘zbekistonda taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasidagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashda O‘zbekiston tajribasi” nomli forum qizg‘in ruhda o‘tmoqda. Unda xorijlik ishtirokchilar ayollar manfaatlari borasidagi o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Ensi Xazali, Eron Islom Respublikasining ayollar va oila ishlari bo‘yicha vitse-prezidenti:  

– Ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularga zarur sharoitlar yaratish masalasi O‘zbekistonda birinchi o‘ringa qo‘yilgan. Aslida har bir jamiyatda ayollarga e’tibor qaratish ustuvor masala bo‘lmog‘i kerak. Bu mamlakat taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi. So‘nggi yillarda xotin-qizlarning salohiyatini yuksaltirish, ularning jamiyatdagi mavqeini oshirish bo‘yicha ko‘plab ishlar olib borilmoqda. O‘zbekiston tomoni bilan ayollar ishtirokida  IT sohasini rivojlantirish, korrupsiya, giyohvandlikka qarshi kurash bo‘yicha hamkorlik qilishni taklif etmoqchiman.

Afnan Al-Shuybi, Islom hamkorlik tashkiloti tarkibidagi Ayollarni rivojlantirish tashkiloti ijrochi direktori:  

– Biz bunday nufuzli forumda ishtirok etayotganimizdan mamnunmiz. Ayollar faolligini oshirish bo‘yicha keyingi yillarda O‘zbekistonda katta hajmdagi ishlar olib borilmoqda. Men O‘zbekistonda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ezgu ishlarni alohida e’tirof etgan bo‘lardim. Ayollarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirishda muayyan tizim yaratish muhim, deb o‘ylayman.

Sadoqat Gahramonova, Ozarbayjon Respublikasining Oila, ayollar va bolalar davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari:  

– Har gal O‘zbekistonga kelganimda oila, ayollar, mahalla hayotiga oid ibratli jihatlarga guvoh bo‘laman. Men 44 yildan beri rahbarlik lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelaman. To‘rt nafar farzandim bor. O‘z tajribamdan shunga ishonch hosil qilganmanki, ayollar ish joyiga kelgach ham baribir oiladagi muammolar, o‘zlari duch kelayotgan ijtimoiy muammolar haqida bosh qotiraveradi. Shu sabab ayollarning kasbiy rivojlantirishda ularni o‘ylantirayotgan dolzarb masalalarni hal etish muhim ahamiyat kasb etadi. Ozarbayjonda ham yolg‘iz, ehtiyojmand ayollarni iqtisodiy oyoqqa turg‘azish maqsadida biznes seminarlar doimiy o‘tkazib kelinadi.

Ridvan Dyuran, Turkiyaning Oila va ijtimoiy xizmatlar ishlari bo‘yicha vaziri o‘rinbosari:  

– Oila va ayollarni qo‘llab-quvvatlash borasida hamkorlikni davom ettirish kerak, deb o‘ylayman. Shundagina mavjud muammolar ijobiy hal etiladi. Sir emaski, bugun ayollar bilan bog‘liq muammolar yetarli. Birgalikdagi sa’y-harakatlar esa ularni hamjihatlikda bartaraf etish imkonini beradi.

 

Nazokat Usmonova,  

Alimurod Mamadaminov (surat), O‘zA