Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 5 iyul kuni Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvni nomzodning Toshkent shahri bo‘yicha bo‘yicha ishonchli vakili Rustam Kalonov ochdi. Shavkat Mirziyoyev rahbarligida azim poytaxtimizda ham katta islohotlar amalga oshirilgani, Toshkent ilm-fan markazi va megapolisga aylanayotgani, har tomonlama rivojlanayotgani ta’kidlandi.
Shuндан so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi.
Nomzod dastlab kelgusi yetti yilda poytaxtni “yashillashtirishga” oid rejalari haqida to‘xtaldi.
– Bugungi kunda poytaxtimizda yashil maydonlar 900 gektarni tashkil qiladi. Kelgusi yetti yilda bu hududni 5 barobar ko‘paytirib, 5 ming gektarga yetkazamiz. Buning uchun shahar bo‘ylab har yili kamida 1 million dona manzarali, mevali ko‘chatlar va qalamchalar ekiladi; har bir mahallada 1 mingtadan daraxt ko‘chatlari ekish ishlari davom ettiriladi; Yashnobod, Yangihayot, Sergeli va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida 4 ming gektar maydonda yashil va “tematik” bog‘lar barpo qilinadi.
Bundan tashqari, shahar bo‘ylab 100 kilometr velosiped yo‘laklari, 32 ta sayilgoh, 30 ta yashil hudud va xiyobonlar barpo qilinadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yangi Toshkent hududidagi 50 gektar maydonda yirik “Akvapark” qurilishi, ushbu maqsad uchun 200 million dollar mablag‘ ajratilishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.
Shuningdek, nomzodning ta’kidlashicha, Yangi Toshkent hududida umumiy maydoni 35 gektar bo‘lgan sun’iy ko‘l tashkil qilinib, odamlarimizning madaniy hordiq chiqarishi uchun barcha sharoit yaratiladi.
Toshkent shahrida dizel yoqilg‘isida harakatlanadigan avtobuslar xizmatidan butunlay voz kechilishi aytildi.
– Poytaxtda ekologik barqarorlikni ta’minlash, uni toza havoli megapolislardan biriga aylantirish ishlarini jadallashtiramiz. Shu bois 2030 yilga qadar havoga chiqariladigan zararli gazlar miqdorini 150 ming tonna yoki 50 foizga qisqartiramiz. Jumladan, qo‘shimcha 1 ming 200 ta elektrobus olib kelinadi va ularning jamoat transportidagi ulushi 50 foizga yetkaziladi.
Qolgan avtobuslar zararli chiqindisi uch barobar kam bo‘lgan tabiiy gaz yoqilg‘isiga o‘tkaziladi. Ya’ni, dizel yoqilg‘isida harakatlanadigan birorta avtobus qolmaydi, – dedi nomzod.
Shavkat Mirziyoyev Sergeli, Bektemir va Yangihayot tumanlaridagi oqova suvlar bilan bog‘liq ekologik holatni yaxshilashga oid rejalari haqida ham to‘xtaldi.
– Xabarim bor, so‘nggi yillarda Sergeli, Bektemir va Yangihayot tumanlaridagi oqova suvlar bilan bog‘liq ekologik holat aholining ko‘plab haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Shuni hisobga olib, kuniga 1,5 million kub metr oqova suv tozalash quvvatiga ega yangi zamonaviy inshoot barpo qilinadi. Bunga Birlashgan Arab Amirliklari Abu Dabi taraqqiyot jamg‘armasi 240 million dollar investitsiya kiritishga tayyor, – dedi nomzod.
Uchrashuvda Do‘stlik metro bekatidan “Yangi Toshkent”ga qadar yer usti metro yoki tramvay liniyasi tortilishi rejalashtirilayotgani aytildi.
Xususan, yo‘l-transport boshqaruvini raqamlashtirish hisobiga “xavfsiz va ravon yo‘l” tamoyilini ham keng joriy qilish belgilangan.
Bunda, ilg‘or xorijiy tajriba asosida tirbandlikni kamaytirish maqsadida:
– barcha chorrahalarda (605 ta) “aqlli chorraha” va “aqlli svetofor” boshqaruv tizimi amalga kiritiladi (hozir – 64 ta);
– shaharga 5 ta kirish joyida va yo‘lovchi oqimi yuqori bo‘lgan 6 ta metro bekati atrofida ko‘p qavatli avtoturargohlar tashkil qilinadi;
– tirbandlik yuqori bo‘lgan ko‘chalarda 12 ta yo‘l o‘tkazgich quriladi, yo‘llar bo‘yida 3 ming o‘ringa ega zamonaviy parkomatlar o‘rnatiladi.
– Aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida Do‘stlik metro bekatidan “Yangi Toshkent”ga qadar uzunligi 15 kilometr bo‘lgan, 115 ming yo‘lovchi tashish quvvatiga ega yer usti metro yoki tramvay liniyasi tortiladi, – dedi nomzod.
Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvda Shvetsiyada Qur’oni karim yoqib yuborilgani bilan bog‘liq holat haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
– Ayni vaqtda biz radikalizm va ekstremizmning har qanday ko‘rinishlariga, turli millat va xalqlarning diniy qadriyatlariga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatishga mutlaqo qarshimiz. Jumladan, yaqinda Shvetsiyada sodir etilgan, muqaddas Qur’oni karimni yoqib yuborishdek yovuz harakatlarni keskin qoralaymiz.
Yer yuzidagi millionlab insonlarning dinu diyonati, ezgu hissiyotlarini haqorat qiladigan bunday holatlarga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Saylovoldi dasturida kelgusi yetti yilda mamlakatimizda madaniyat va san’at, kutubxona fondini qo‘llab-quvvatlash, kitobxonlikni ommalashtirishga ham ham alohida e’tibor qaratilgan.
– Har yili 100 ta eng yaxshi badiiy asar hamda bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan 50 ta badiiy kitoblar yaratish uchun ijodiy buyurtma berilib, mualliflarga 100 million so‘mdan qalam haqi to‘lanadi. Bu kitoblar 20 ming nusxadan nashr qilinib, maktablar va kutubxonalarga bepul beriladi. Bunga har yili 200 milliard so‘m yo‘naltiramiz.
Shuningdek, kelgusi yetti yilda kutubxonalarning 40 millionga yaqin kitob fondi to‘liq raqamlashtiriladi va ularning yagona katalogi yaratiladi. Umuman, 2030 yilga qadar mamlakatimizdagi barcha kutubxonalar to‘liq ta’mirlanadi. Shu maqsadda 500 milliard so‘m ajratamiz, – dedi nomzod.
Maktab kutubxonachilarining ish haqi pedagog xodimlar oyligiga tenglashtirilishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.
– Biz madaniyat va san’at sohalari vakillari, muzey va kutubxonalar xodimlari ish haqini kelgusi yetti yilda uch karra oshiramiz. Bunda maktab kutubxonachilarining ish haqi pedagog xodimlar oyligiga tenglashtiriladi.
Shuningdek, 2030 yilga qadar madaniyat va san’at sohalari vakillari hamda adiblar uchun yangi qurilayotgan uy-joy massivlaridan 10 mingta xonadon imtiyozli shartlarda beriladi, – dedi nomzod.
Uchrashuvda partiya vakillari va mehmonlar so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi va boshqalarni ham shunga da’vat etdi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
O‘zA