Bugun, 5 iyul kuni Toshkent shahrida “O‘zbekiston – sog‘lom va bilimli jamiyat” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur tadbir doirasida kunning birinchi qismida “Sifatli ta’lim – Yangi O‘zbekistonning mustahqam poydevori” shiori ostida panel sessiya tashkil etildi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Barqaror rivojlanish markazi hamkorligida o‘tkazilayotgan anjumanda milliy va xorijiy ekspertlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, akademik hamjamiyat, fuqarolik jamiyati institutlari, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlari ishtirok etmoqda.

Tadbirda moderator – “CNN” jurnalisti Stiven Koul dastlab so‘zni maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Xilola Umarovaga berdi. U nutqi avvalida ushbu nufuzli konferensiya ahamiyati, maqsad va vazifalariga to‘xtaldi. Ta’kidlanishicha, tadbir yangi O‘zbekistonda inson kapitali, uning shakllanishi va rivojlanishida ta’lim-tarbiya hamda ilm-fanning o‘rni va rolini muhokama qilishga bag‘ishlanadi.

– Mamlakatimizda bir-biri bilan chambarchas bog‘langan ta’lim sohasida – maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi, o‘rta maxsus va oliy ta’lim tizimlari, ilmiy-tadqiqot muassasalarini rivojlantirish bo‘yicha beqiyos o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda, – dedi vazir. – Bugungi yig‘ilishning asosiy vazifasi – respublikada inson kapitalini rivojlantirish va ta’lim tizimini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan xorijiy jamoatchilikni tanishtirish.

Anjumanda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 57,6 ming nafar kam ta’minlangan oila farzandlari ota-onalar to‘lovidan ozod qilingani, iqtisodiy rivojlanish darajasi past bo‘lgan 73 tumanda 255,7 ming nafar bolaga ota-onalar to‘lovini amalga oshirishda 50 foiz imtiyozlar berilgani ma’lum qilindi.

Qayd etish kerak, bugungi kunda respublikamizdagi 22 ta davlat oliy ta’lim muassasalarida maktabgacha ta’lim tizimi uchun pedagog kadrlar tayyorlanmoqda. Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari zamonaviy 39 nomdagio‘quv-metodik qo‘llanmalar va didaktik materiallar bilan ta’minlangan.

Xalqaro konferensiyada, shuningdek, soha mutaxassislari, xorijiy tuzilmalar rahbarlari diyorimizda ta’lim tizimini isloh qilish, jumladan, bola tarbiyasiga bo‘lgan e’tibor, o‘qituvchilar malakasini oshirish bo‘yicha ulkan ishlar qilinayotganini yuqori baholashdi. Shuningdek, yaqinda qabul qilingan yangi Konstitutsiyada o‘qituvchilar haq-huquqlarini mustahkamlashga asoslangan moddalarning kiritlgani soha rivoji uchun qo‘yilgan eng katta qadam ekani ta’kidlandi.

Dasturga muvofiq, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade ham so‘z olib, davlat ta’lim tizimini rivojlantirish O‘zbekiston hukumatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari sifatida qabul qilinganini urg‘uladi. U, shuningdek, tuzilma va ta’lim tashkilotlari, vazirliklar bilan hamkorlikda olib borilayotgan har bir loyiha, tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini bildiridi.

Aytgancha, BMTning Xalqaro bolalar fondi – YUNISEF bilan hamkorlikda tajriba-sinov tariqasida Namangan va Xorazm viloyatlarida
sakkizta maktabgacha ta’limning “Turli xil yoshdagi maktabgacha ta’lim guruhlari” (o‘yin guruhlari) muqobil shakli joriy etilgan bo‘lib, 400 nafar bola qamrab olingan.

Tadbirda e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, bolalarni sog‘lom va xavfsiz oaqatlantirish maqsadida 1172 davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida autsorsing xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Hattoki, yaqinda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislari bilan birgalikda bolalarning sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash maqsadida maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun taomlar retsepti kitobi ham ishlab chiqildi.

Yig‘ilishda o‘tgan yil Toshkent shahrida YUNESKOning erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish bo‘yicha Butunjahon konferensiyasi o‘tkazilgani, yakunda keyingi o‘n yilda maktabgacha ta’lim sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarni aniqlab beruvchi Toshkent deklaratsiyasi qabul qilingani esga olindi.

Ayni payt Myunxen texnika universiteti “TUM International GmbH” xorijiy tashkiloti bosh direktori Friderika Hettinger nutq so‘zlamoqda.

Qisqa tanaffusdan so‘ng, anjuman “Inson kapitali: global muammolar va rivojlanish tendensiyalari” mavzusiga bag‘ishlangan panel munozara shaklida davom etadi.

Konferensiyaga oid qo‘shimcha ma’lumotlar beriladi, O‘zAni kuzatib boring!

Behruz Xudoyberdiyev,

Nosirjon Haydarov (surat),

O‘zA