Mamlakatimiz sport sharafini yozgi Osiyo o‘yinlarida munosib himoya qilishga hozirlik ko‘rayotgan yurtimiz og‘ir atletikachilari hamda sport gimnastikachilari ayni kunlarda Gruziya davlatida navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazmoqda.

O‘zbekiston sportchilarining “Xanchjou-2022” Osiyo o‘yinlaridagi ishtirokini samarali ta’minlash maqsadida o‘tkazilayotgan yig‘in xususida og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyb Bahrom Mendibayev bilan telefon orqali suhbatlashdik.

– O‘quv-mashg‘ulot yig‘ini reja asosida olib borilmoqda. Mashg‘ulotlar Gruziyaning Bakuriani shahri yaqinidagi sport bazasida o‘tkazilyapti. Tarkibimiz Ruslan Nuriddinov, Akbar Jo‘rayev, Doston Yoqubov, Adhamjon Ergashev, Tursunoy Jabborova kabi 15 nafar sportchidan iborat.

–Terma jamoamiz a’zolarining kayfiyati qanday?  

–Kayfiyatimiz ko‘tarinki darajada. Mashg‘ulotlarni har jihatdan yuqori saviyada olib borish uchun davlatimiz tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan. Sportchilarning texnik-taktik, psixologik holatini yaxshilash borasidagi ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida malakali mutaxassislar jalb qilingan. Ular sportchilar bilan belgilangan reja asosida ish olib bormoqda.

–O‘quv-mashg‘ulot yig‘ini qachongacha davom etadi?  

–Rejaga ko‘ra, mashg‘ulotlar 11 avgustga qadar davom etadi. Osiyo o‘yinlari hamda bu yilgi jahon chempionati o‘rtasidagi farq 10 kunni tashkil etayotgani bois har ikki nufuzli musobaqada qaysi sportchi qatnashishini belgilashda ushbu yig‘in muhim nuqta sanaladi.

Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida 2-17 sentyabr kunlari bo‘ladigan jahon chempionati “Parij-2024” Olimpiadasining reyting ochkolarini taqdim etishi bilan ahamiyatli bo‘lsa, 23 sentyabr – 8 oktyabr kunlari o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlari to‘rt yillikning eng nufuzli bahsi sanaladi.

–Nomdor sportchilarimizdan kimlar qaysi musobaqada qatnashadi?  

–Haqiqatan har ikki musobaqa nafaqat mavsumning, balki yilning asosiy tadbiri hisoblanadi. Ularda kerakli natijaga erishish jamoamizdan katta mehnatni talab etadi. Shu bois, mashg‘ulotlarni har doimgidan ham boshqacha tarzda o‘tkazish, sportchilar jahon chempionatigacha va undan keyin bo‘ladigan Osiyo o‘yinlarigacha o‘n kunlik muddatda yuqori sport formasini ushlab turishi lozim bo‘ladi. Hozirda o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar mundarijasini shunga qaratganmiz. Aynan kimlar qaysi musobaqada qatnashishi borasida biron gap ayta olmayman. Barchasiga Gruziya yig‘inidan keyin oydinlik kiritiladi.

–Gruziyadagi mashg‘ulotlar yakunidan bir muncha o‘tib, avgust oyining ilk kunlarida Belarusda MDH o‘yinlari boshlanadi. O‘yinlar dasturidan og‘ir atletika sport turi ham o‘rin olgan. Unda Belarus, Rossiya va boshqa qator davlatlarning asosiy tarkibi qatnashishi kutilmoqda. Yurtimiz og‘ir atletikachilaridan Ruslan Nuriddinov, Akbar Jo‘rayev va boshqalar MDH o‘yinlarida qatnashadimi?  

–Osiyo o‘yinlari va jahon chempionatiga tayyorlanayotgan tarkib MDH o‘yinlarida ishtirok etmaydi. Bu degani, Akbar ham Ruslan ham Belarus bahslarida qatnashmaydi. Vaqt masalasida ularning MDH o‘yinlarida qatnashishga fiziologik imkoniyati yetmaydi. Bu o‘yinlarda o‘z iqtidorlarini namoyish etish uchun yoshlarga imkon beriladi. Asosiy tarkibdan Doston Yoqubov va Sarvar Zafarjonov MDH o‘yinlarida qatnashishi rejamizda bor. Biroq, hali bu masalada bir to‘xtamga kelmadik. Murabbiylar kengashi bilan maslahatlashuv va sportchilarning umumiy holatidan kelib chiqib qaror qabul qilamiz.

–Hozirda eng og‘ir vaznda Akbar Jo‘rayev va Rustam Jangabayev “Parij-2024” Olimpiadasi uchun o‘tkaziladigan reyting musobaqalariga tayyorlanmoqda. Har ikkalasida ham Olimpiya o‘yinlarining reyting ochkolari bor. Tanlov bo‘lsa, qaysi biri Parij Olimpiadasiga yuboriladi?  

–Darhaqiqat har ikki sportchimiz ma’lum bir reyting ochkolarni jamg‘arishdi. Qaysi birini tanlash masalasini maydondagi bahs hamda murabbiylar kengashining qarori belgilaydi. To‘g‘ri, juda murakkab masala bu. Ammo, “Parij-2024”da ko‘zlangan natijaga erishish barchasidan ham ustuvor vazifamizdir. O‘ylaymanki, Gruziyadagi mashg‘ulotlar ko‘p narsaga oydinlik kiritadi.

 

O‘zA muxbiri  

To‘lqin Ro‘ziyev  

suhbatlashdi