Qirg‘izistonda shaxmat bo‘yicha davom etayotgan G‘arbiy Osiyo chempionatining klassik yo‘nalishida 5-tur o‘yinlari ortda qoldi.
E’tiborli jihati, o‘tkazilgan tur yakunlariga ko‘ra, terma jamoamiz a’zolarining 16 nafari o‘z yosh toifalarida kuchli beshlikdan joy olib turibdi.
O‘g‘il bolalardan Elshodbek Esonov o‘z guruhida yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, Sarvar Salohiddinov, Oriyat Obidjonov, Javohir Bozorov, Almas Rahmatullayev, Ibrohim Jumanazarov, Sarvar Saidov, Abdurahmon Rajabov kuchlilar qatorida bormoqda.
Qizlar o‘rtasida esa o‘z yosh toifalarida Zarina Ne’matjonova, Mumtozbegim Mansurova, Maftuna Bobojonova 1-o‘rinda borayotgan bir paytda iste’dodli shaxmatchi qizlarimizdan Nilufar Imomxo‘jayeva, Mohinur Hikmatjonova, Barchinoy Shokirjonova, Zilola Axtamova, Husnoraxon Husnutdinova kuchli beshlikda g‘oliblik uchun da’vogarlik qilmoqda.
Ortda qolgan 5-tur o‘yinlaridan keyin G‘arbiy Osiyo chempionatida sovrinli o‘rinlar taqsimoti ham yangicha ko‘rinish oldi. Unga ko‘ra, 4 ta oltin, 1 ta kumush va 5 ta bronza, jami 10 ta medalga ega O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari musobaqaning yaqqol yetakchisiga aylandi. Hisobida 3 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medali bo‘lgan Hindiston jamoasi hamyurtlarimizdan keyingi 2-o‘rinda joylashib turibdi. 2 ta oltin, 6 ta kumush, 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan qozog‘istonliklar 3-o‘rinni band etmoqda.
Chempionat mezboni Qirg‘iziston vakillari 2 ta oltin, 1 ta kumush, 4 ta bronza medali bilan kuchli to‘rtlikda bormoqda. Shuningdek, umumjamoada yetakchilikka da’vogarlik qilayotgan FIDE bayrog‘i ostida harakatlanayotgan rossiyaliklar jamg‘armasida 1 ta oltin, 2 ta kumush, 1 ta bronza medali, Shri-Lanka vakillarida 1 ta oltin, Bangladesh shaxmatchilarida esa 1 ta kumush medal mavjud.
Yana bir gap. Qirg‘izistonda o‘smir yoshlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan chempionat musobaqalarini 50 nafardan ziyod mutaxassis-hakamlar boshqarib bormoqda. Ularga idChessning VAR tizimi jamoasi ko‘maklashmoqda. Musobaqaning umumiy texnik-taktik jihatlarini markazlashgan holda yo‘naltirishda Xalqaro shaxmat federatsiyasi(FIDE) tomonidan mas’ul etib O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, xalqaro toifadagi hakam Husan Turdialiyev belgilangan. Ya’ni, FIDE o‘zbekistonlik mutaxassisni chempionat bosh hakami sifatida e’tirof etgan. Bu, yurtimiz shaxmatining xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori yuksakligidan dalolatdir.
Bugun, 5 iyul kuni chempionatning barcha yosh toifalari o‘rtasida 6-tur musobaqalari bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, klassik yo‘nalishdagi bahslar 8 iyulga qadar davom etadi. Undan keyin chempionatning blits musobaqalariga start beriladi.
G‘arbiy Osiyo chempionati 10 iyulda poyoniga yetadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA