Indoneziyaning yangidan qurilayotgan poytaxti – Nusantara shahri ma’muriyati rahbari Bambang Susantono va Qozog‘istonning Ostona shahri meri Jenis Qosimbek o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Mazkur hujjat ikki poytaxtga “birodarlashgan shahar” maqomini beradi, deb yozdi Indoneziyaning “ANTARA” agentligi.

Xabarda ta’kidlanishicha, memorandum doirasida Ostona poytaxt qurilishi bo‘yicha erishgan yutuqlari va orttirgan tajribasini, Nusantara esa barqaror “yashil” shahar rivojlanishiga oid ilg‘or tajribani baham ko‘radi. Hujjat imzolanishi arafasida ikki rahbar Qozog‘iston poytaxti Ostonaning bunyod etilishi bilan bog‘liq tajriba xususida fikrlashgan. Ostona 1998 yil poytaxtga aylantirildi.

Susantono ta’kidlashicha, “Ostona Indoneziyaning yangi poytaxti bilan hamkorlik o‘rnatgan birinchi shahar”. 2019 yil Indoneziya Prezidenti Joko Vidodo Jakarta shahri o‘ta zichlashib ketgani bois, mamlakat poytaxti Sharqiy Kalimantan muzofotiga, o‘rmon hududiga ko‘chirilishini e’lon qilgan edi. OAV tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, 2023 yil Jamoatchilik ishlari va davlat turar-joyi vazirligi mamlakatning yangi poytaxti Nusantara shahri infratuzilmasini shakllantirish maqsadida 694 million dollarlik byudjet loyihasini tayyorlagan.