Qaror va ijro
Tahliliy ma’lumotlar joriy yil vegetatsiya davrida suv resurslari hajmi ko‘p yillik me’yorga nisbatan Sirdaryo havzasida o‘n-o‘n besh foizga, Amudaryo havzasida yigirma foizgacha kam bo‘lishini ko‘rsatmoqda.
Bu raqamlar, avvalo, agrar sohada suv tejovchi texnologiyalardan unumli foydalanishga e’tibor qaratish dolzarb bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi. Shu o‘rinda suv resurslaridan samarali foydalanish hamda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidlash lozim.
Tegishli chora-tadbirlar esa natijasini ko‘rsatmoqda. Xususan, suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan maydonlar kengaymoqda. Bu sug‘oriladigan yerlarning qariyb 25 foizini tashkil qilmoqda. Buning hisobiga o‘tgan yil 3 milliard kub metr suv iqtisod qilindi. Tejalgan obi-hayot esa 830 ming gektar takroriy ekin maydonlarini sug‘orishga ishlatildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2023 yil 3 aprelda “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Ushbu hujjat joriy yil yozgi sug‘orish mavsumida kutilayotgan suv tanqisligi sharoitida qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari va iqtisodiyot tarmoqlarini suv bilan barqaror ta’minlashda nimalarga ahamiyat qaratish kerakligini belgilab berishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Qaror ijrosi doirasida Qoraqalpog‘istonda – mamlakatimizning suv tanqisligi bo‘yicha muammoli hududlaridan birida amalga oshirilayotgan ishlarga qisqacha to‘xtalamiz.
Bu zaminda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda sug‘orishning bir qator tejamkor usullaridan foydalanish keng yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, yomg‘irlatib yoki tomchilatib sug‘orishga e’tibor ortmoqda. Shuningdek, yerni lazerli uskuna yordamida tekislagan holda diskretli sug‘orish usuli ham amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Aniq raqamlarni keltiramiz. Qoraqalpog‘istonda o‘tgan yili agrar sohada tomchilatib sug‘orish uskunalaridan samarali foydalanilgani natijasida 176 million kub metrdan ortiq suv tejalgan. Qaror bilan joriy yilda ham tarmoqda bu yo‘nalishga e’tibor yangi bosqichga ko‘tarilayotir. Xususan, 20 ming 220 gektardan ortiq maydonda suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish ko‘zda tutilgan. Shundan 17 ming 649 gektarda tomchilatib, 1 ming 575 gektarda yomg‘irlatib, 1 ming gektarda diskretli sug‘orish usulidan foydalaniladi. Bu hududdagi jami ekin maydonlarining o‘rtacha 45 foizini tashkil etmoqda. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, agrar sohadagi bu islohotlar nafaqat suv tejamkorligiga erishishda balki hosildorlik oshishiga ham sabab bo‘lmoqda.
To‘rtko‘llik mirishkorlar mo‘l va sifatli xirmon ko‘tarish, obi-hayotni tejashda peshqadamlardan. Bugungi kunda tumandagi paxta va g‘alla maydonlarida ham suv tejash amaliyotidan keng foydalanilmoqda.
Joriy yil To‘rtko‘l tumanida 1 ming 900 gektar paxta maydonlarini tomchilatib sug‘orish rejalashtirilgan. Hozirgi paytda 500 gektar yerda tomchilatib sug‘orish to‘liq joriy qilingan. Qolgan 1 ming 400 gektar yer uchun hovuz tayyorlash, magistral quvurlarni yotqizish ishlari yakunlanmoqda.
– Suvdan oqilona foydalanishda zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish davr talabi sanaladi, – deydi to‘rtko‘llik fermer Maqsud Ismoilov. – Paxta yetishtirishda tomchilatib sug‘orishni yo‘lga qo‘yganimizga uchinchi yil bo‘lyapti. Natijasi yaxshi bo‘lyapti. Avvallari 40-42 sentnerdan hosil olgan bo‘lsak, endi bu ko‘rsatkich 60-70 sentnerga yetmoqda. Bu usuldan foydalanganda nafaqat suv, balki yoqilg‘idan ham iqtisod qilinmoqda. Tejalgan suv takroriy ekinlarimiz uchun juda muhim. Xalqimizda qovun qovundan rang oladi degan gap bor. Bugun bu amaliyot boshqa fermerlarga ham ma’qul bo‘lmoqda.
Suvni tejab ishlatish zarurligi haqidagi fikrlarni davom ettirar ekanmiz Prezidentning yuqorida keltirilgan qaroriga yana to‘xtalamiz.
Qarorda suv yetkazib beruvchi tashkilotlar va suv iste’molchilari o‘rtasida rasmiylashtirilgan dalolatnomalarni har oy yakuni bilan elektron shaklda to‘ldirish hamda elektron raqamli imzolar orqali tasdiqlash imkonini beruvchi “Suv hisobi” axborot tizimi yaratilishi belgilab qo‘yildi.
Shunga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan respublikaning barcha hududlarida “Suv hisobi” axborot tizimi joriy qilinadi. Qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orishda ishlatilgan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni hisoblashda shu tizim orqali taqdim etilgan ma’lumotlar asosida soliq organlari tomonidan soliq hisobotlarini avtomatik shakllantirib berish amaliyoti joriy etiladi.
Bugun suvdan tejab foydalanish har jihatdan muhim ekanligi bot-bot takrorlanmoqda. Nazariy va amaliy harakatlar uyg‘unlashmoqda. Bu esa, shubhasiz, o‘z samarasini beradi.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri