O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Malayziya tashqi ishlar vaziri Zambri Abdul Qodir bilan uchrashdi.
Vazirlar ikki davlat hamkorligining bugungi holatiga baho berib, kun tartibida turgan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha aloqani kengaytirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligini qayd etdilar.
Suhbat chog‘ida xalqaro institutlar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlashga intilish alohida ta’kidlandi. Jumladan, O‘zbekiston tomoni Malayziya a’zo bo‘lgan ASEAN tashkiloti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekani ma’lum qilindi.
O‘zaro tovar ayirboshlash ko‘lamini kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, yangi transport yo‘laklarini shakllantirish, madaniy-gumanitar va ta’lim sohasidagi almashinuvni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Uchrashuv yakuni bo‘yicha tashqi ishlar idoralari rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi va Malayziya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2023-2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturini imzoladilar. Hujjatda qator qo‘shma tadbirlar o‘tkazish, tomonlarning xalqaro maydondagi sa’y-harakatini muvofiqlashtirish ko‘zda tutilgan.
Saidmurod Rahimov,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA