REYD
Ijtimoiy tarmoqlarda radar masalasiga oid videorolik tarqalib, keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lmoqda. Unda Toshkent viloyati Surum aholi yashash punktining 4P-21-“Toshkent aylanma yo‘li avtoyo‘li”da o‘rnatilgan radarning to‘g‘ri ishlayotganiga shubha bildirilgan. Bunga aniqlik kiritish maqsadida joriy yilning 23 iyun kuni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti, 20 nafarga yaqin haydovchi, Toshkent shahar IIB YHXB xodimlari hamda radar o‘rnatgan tadbirkorlar bilan birga yuqoridagi manzilda yig‘ildik.
Tegishli joyga O‘zbekiston Milliy metrologiya institutining tezlikni metrologik tekshiruvdan o‘tkazish maqsadida Avtotransport harakati tezligini o‘lchash mobil laboratoriyasi keltirildi. So‘ng e’tirozlarga sabab bo‘layotgan radar o‘rnatilgan joyidan yechib olinib, maxsus mobil laboratoriyaga metrologik tekshiruvni amalga oshirish uchun olib kelindi. O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti axborot xizmati xodimining ma’lumot berishicha, avtotransport tezligini o‘lchash vositalari, ya’ni radarlarning qiyoslasharo oraliq muddati Adliya vazirligining 2016 yil 30 iyundagi № 3174 sonli “Tekshiruvdan (qiyoslashdan) o‘tkazilishi lozim bo‘lgan o‘lchash vositalari turkumlarining ro‘yxati”ga asosan 12 oy etib belgilanganligi ta’kidlab o‘tildi. Ushbu maxsus mobil laboratoriya orqali mutaxassislar metrologik tekshiruv boshlab yubordi. Biz esa unga qadar birma-bir haydovchilarning shikoyatlariga quloq tutdik.
TOSHKENT HUDUDLARIGA QAERLAR KIRADI?
Haydovchilar O‘zA mikrofoniga o‘z e’tirozlarini bildirdi.
“Postdan 150 metr o‘tgandan keyin chap tarafda “Surum” degan 70 tezlik belgisidagi yozuv bor. Shundan 500 metr o‘tganidan keyin “Toshkent” degan yozuvni ko‘ramiz. Shu yozuvdan 100-200 metr o‘tganidan keyin Surum tugagani qayd etilgan belgini ko‘ramiz. Qizig‘i, Surumning boshlanishi bilan tugashi o‘rtasida “Toshkent shahri” degan yozuv qayerdan kelib qoldi? O‘rtadagi chalg‘ituvchi bu yozuvning yonida “Fura” yuk mashinasi tursa, uni hech kim ko‘rmaydi. Kelamiz, o‘tamiz, Surum tugaydi, biz 70 tezlikda o‘tib ketamiz. Toshkent shaharini umuman ko‘rmaymiz. Shu to‘g‘rimi? Toshkent shahrining tugashi qayer? Buni Chirchiqqacha kelib ham topolmaysiz”, deydi haydovchi.
“Surum degan joy bilan tugashining o‘rtasida “Toshkent shahri” deyilgan belgini qo‘yish mantiqan to‘g‘rimi? Nechta odam jarima to‘layapti shuni deb, hamma Surumga keldim, 70 tezlik deb o‘ylab o‘tib ketadi. Kirib kelishingiz bilan chiqishingizni bilasiz, e’tibor bermaysiz. Nari yoqdan kiradigan bo‘lsangiz, “Toshkent shahri” deb yozilgan, postdan o‘tgandan keyin Surum tugadi belgisi qo‘yilgan. Toshkent shahar tugaganini bildiruvchi belgi qo‘yilmagan. Nega shunday?” deya izoh so‘raydi haydovchi, hududdagi YHXX xodimidan va bizga ushbu holat aks etgan videorolikni taqdim etadi.
Aslida bu savolning javobi biz uchun ham qiziq. Duch kelgan joyga yo‘l belgisi qo‘yib ketilganini bilimsizlik, deylikmi yoki hududlar geografiyasiga biz bilmagan holda o‘zgarishlar kiritildimi?
Yo‘l harakati xavfsizligiga mas’ul inspektor haydovchining bu savoliga javob berishda qiynaldi va shahar YHXBB matbuot xizmatidan izoh so‘rash mumkinligini aytib, vaziyatdan chiqishga urindi.
E’TIROZLARGA QULOQ TUTAMIZ
“Bunisi ham mayli, bir vaqtning o‘zida qanday qilib uch marotaba katta tezlikni urishi mumkin radar? 17:58 vaqtida 3 marotaba jarima uryapti”, deydi yana bir haydovchi.
“Hammasi ravshan! Bu yerda radar borligini bilgan aqliraso odam qanday qilib bir kunda uch marotaba aynan shu radarga tushishi mumkin?” deya qo‘shimcha qiladi boshqa yosh haydovchi.
“Bizga hech narsa kerak emas. 2 km. nariyoqdagi radar 70 tezlik, mana bu radar 60 tezlik. Lekin shaharda. Odam chalkashib ketdi. Bizga unisini ham bunisini ham 70 yoki ikkalasini ham 60 qilib berishsin”, deydi yana boshqasi.
“Mening mashinamni esa evakuatorda olib ketayotganida shu radar “ko‘rib qolib” kamerasiga muhrlabdi. Bu kulgili emasmi?”, deydi yana, muntazam ravishda Surumdan qatnaydigan haydovchilardan biri.
TEZLIK QANDAY ANIQLANAYOTGANI MA’LUM BO‘LDI
Bizga “avtotransportlar tezligini aniqlovchi mazkur radar me’yoriy hujjatlar talabiga ko‘ra,tezlik kattaliklarini to‘g‘ri ko‘rsatayotganligi” aytildi.
O‘zbekiston Milliy metrologiya institutining yetakchi mutaxassisi G‘ulom Rozimetov shu mazmunda ma’lumot berar ekan, odatda radarning tezlik parametrlari maxsus immitator uskunasi va noutbukka o‘rnatilgan maxsus dastur orqali o‘lchanishini ta’kidladi.
“Tezlikni immitator orqali radarga uzatamiz va ushbu uzatilayotgan tezlik parametrini dasturda qayd etilayotgan ko‘rsatgich orqali ko‘rishimiz mumkin. Mana, hozir immitator orqali 20 tezlikni uzatyapmiz, radar belgilayotgan ko‘rsatkich esa dasturda ham 20 tezlikni ko‘rsatmoqda”, deydi u.
Shu tariqa mutaxassis tezlikni 70-90-120 va 150 km. soatgacha oshirib kuzatdi. Ko‘rsatkichni radar ham o‘z vaqtida qayd etib, bor tezlikni boricha maxsus dastur orqali ko‘rsatib turdi. O‘zA kamerasining ko‘zi har ikki uskunada, immitatorni ham radar orqali tezlik qayd etilayotgan maxsus dasturni ham ob’ektivkaga muhrlab bordi. Biroq, shu jarayonda biron-bir uzatilgan tezlik parametrining kam yoki ortiqcha km. soat bilan qayd etilganiga guvoh bo‘lmadik. Vaholanki, bu radarga nisbatan bizda ham shubha bor edi…
“Radar o‘lchash tezlik diapazoni 2-300km/x.gacha. Ruxsat etilgan xatolik+_ 1 km/x deb belgilangan.
Misol uchun, immitator orqali berilgan tezlik 20 bo‘lsa-yu radar 19 yoki 21 ko‘rsatsa, bu radar ruxsat etilgan xatolik chegarasida deb hisoblanadi va qo‘llashga ruxsat etiladi. Agarda radar ruxsat etilgan +_ 1 km/x yuqori bo‘lsa, u holda radar qo‘llanishga yaroqsiz deb hisoblanadi”, deya qo‘shimcha qiladi mutaxassis G‘ulom Rozimetov.
NATIJA HAYDOVCHILARNI HAYRON QOLDIRDIMI?
Natijani eshitgan haydovchilar negadir hayron bo‘lmadi. Ular tekshiruvga qadar bildirgan e’tirozlariga ham afsuslanmadi. Aksincha, tekshiruv olib borilayotgan vaqtning o‘zidayoq natijasi ishonarli chiqmasligiga ishongan haydovchilar yana iddaolarni boshlab yubordi.
Ular uch kun avval — 23 iyun kuni bir necha yigitlar qo‘llarida noutbuk bilan radarni “kavlagani”ni takrorlab, Toshkent shahar IIB YHXB xodimidan, tadbirkordan, metrologiya instituti mutaxassislaridan izoh talab qilardi.
Бu bo‘yicha haydovchilardan fakt so‘ralganida esa ular o‘sha jarayon aks etgan na fotosurat, na videoni taqdim eta oldi. Ammo ularning shubhasida asos bordek. O‘ylab ko‘ring, nega muammo radar o‘rnatilganidan shuncha vaqt o‘tib, aynan joriy yilning 1 may kunidan boshlab muhokama mavzusiga aylandi?
RADARNING EGALARI NIMA DEYDI?
Tekshiruv jarayonida yo‘ldan o‘tgan haydovchi borki, to‘xtab, gap nimadaligiga qiziqar edi. Hatto avtoulovidan tushib, shikoyatlarga qo‘shilib, o‘z dardini aytganlari ham bo‘ldi. Tadbirkorlar esa, yo‘l chetida radarning tekshirilish jarayonini kuzatib, e’tirozlarga jimgina quloq tutib turardi.
Ular radar muammosi bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda ayol haydovchining murojaati chiqqanidan so‘ng mana shunday “boshog‘riqlar” bilan bezovta bo‘layotganliklari, aslida radar Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida yo‘llardagi xavfsizlikni ta’minlash maqsadida o‘rnatilgani, haydovchilardan jarima undirish uchun emasлиgini ta’kidladi.
Shuningdek, ular haydovchilarning radar bir urinishda tezlikni uch marotaba qayd etayotgani bilan bog‘liq iddaolariga ham hayratlanishdi. Biroq, bu rost bo‘lsa, qonunga muvofiq tadbirkorlarning baraka topmasligi aniq!
Sababi, Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasiga xususiy sektorni jalb etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, mabodo tizim qoidabuzarliklarni aniqlashda 3 va undan ortiq marotaba xatolikni qayd etsa, ob’ektga nisbatan mulk huquqi sud tartibida bekor qilinishi mumkinligi, tizim tomonidan qoidabuzarliklar noto‘g‘ri aniqlanganda esa tadbirkorlar ularni sodir etgan deb topilgan shaxsga yetkazilgan barcha moddiy zararni qoplashga majburliklari aytilgan. Shu bois ularning qing‘ir ishga qo‘l urishlari mumkinligiga ishonish qiyin.
Ma’lumot uchun: тадbirкорлар o‘zlariga tegishli kameralar orqali aniqlangan qoidabuzarliklardan undirilgan jarimalarning 50 foizini, tizim ishga tushirilgach 1 yil o‘tib, 25 foizini oladilar.
RADAR YANA JOYIGA O‘RNATIB QO‘YILDI. AMMO…
Shu tariqa tekshiruv yakunlangach, radar yana o‘z joyiga o‘rnatib qo‘yildi. Bu bilan esa haydovchilarning hovuri bosilmadi. Sababi, baribir ular yana shu radar ostidan shubha bilan o‘tishlari aniq.
Qiziq, nahotki ushbu hududdan o‘tayotib radarga tushayotgan haydovchilar orasida bironta videoregistratori bo‘lgan haydovchi ham o‘tmagan bo‘lsa? Ma’lumot uchun, avtotransport spidometrlari ham o‘lchash vositasi hisoblanib, uning to‘g‘ri ishlashini metrologik tekshiruvdan o‘tkazib turadi.
Xulosa o‘rnida aytib o‘tishimiz joizki, mamlakatimiz rivoji uchun chiqarilayotgan qarorlar doirasida amalga oshirilayotgan har qanday ish — u xoh loyiha bo‘lsin, xoh qo‘llanilayotgan innovatsion texnologiya, har qanday shubhalardan xoli, aholi esa undan rozi bo‘lishi muhim. Zero, xalqni rozi qilish kerakligini davlatimiz rahbari bot-bot takrorlab keladi.
P/S: Maqola e’lon qilingunga qadar haydovchilarning e’tirozlariga sabab bo‘lgan ayrim muammolar va kamchiliklar bartaraf etilibdi. Bu yuzasidan tez orada ma’lumot beramiz.
M.Eshmirzayeva, A.Sodiqov, O‘zA