4 iyul, kunning ikkinchi yarmida Toshkentdagi “Ivent-xoll” majmualar saroyida “Yangi O‘zbekiston – Yoshlar mamlakati” mavzusida navbatdagi sessiya bo‘lib o‘tdi.
“BNE” xalqaro nashrining bosh muharriri Ben Aris moderatorligida o‘tgan tadbirda Yoshlar siyosati va sport vazirining birinchi oʻrinbosari, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev qatnashib, mamlakatimizda yoshlar siyosati, ularni qo‘llab-quvvatlash masalasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berdi.
Ta’kidlash lozim, bugungi kunda O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha vertikal boshqaruv tizimini tartibga soluvchi mustahkam huquqiy asos sifatida O‘zbekiston Respublikasi qonuni, Prezident farmoni va qarori, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari qabul qilingan.
Suhbatda barcha mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilib, bu vazifaga tashkilotchilik qobiliyatiga ega, tashabbuskor yigit-qizlar tanlab olingani ta’kidlandi. Mahallada bu tizim orqali yoshlarga 100 dan ziyod imkoniyat yaratildi.
Yoshlar ishlari agentligi rahbari xabariga ko‘ra, yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash elektron platformasi – “Yoshlar daftari” tizimli yo‘lga qo‘yilib, so‘nggi ikki yilda 798 ming nafarga yaqin yoshlarga qariyb 1 trillion so‘mlik yordam ko‘rsatilgan. 53 ming nafar ehtiyojmand oilaga mansub talabaga o‘qish uchun kontrakt pullari to‘lab berilgan.
– Bugungi konferensiyaning aynan yoshlarga bag‘ishlangani O‘zbekiston yoshlar mamlakati, kelajakdagi eng muhim resurs – yoshlar, deb qaralayotgani tasdig‘i, – dedi A.Sa’dullayev. – Butun dunyodagi global o‘zgarishlar, jumladan, iqtisodiy, ijtimoiy sohadagi masalalar yechimi sifatida yoshlar e’tirof etilmoqda. Hozir yurtimizda olib borilayotgan siyosat yoshlarning bilimli, kasb-hunar bo‘lishiga alohida ahamiyat qaratgan.
Shuningdek, “BNE” xalqaro nashrining bosh muharriri Ben Aris ishtirokchilarga demokratik rivojlanish davrida O‘zbekiston yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga bo‘yicha islohotlari jahon ahlini ham hayratga solayotganini aytdi.
Taqdimotda demokratik rivojlanish jarayonida O‘zbekiston yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi dasturlar e’lon qilindi. Aynan mahalladagi yoshlar yetakchilari tizimi, yoshlar balansi tizimi va ushbu tizim doirasida yoshlar uchun jamg‘armalar tashkil qilingani, ularning fikr, g‘oya, muammo va takliflarini eshitadigan tizim paydo bo‘lgani qayd etildi.
Ma’lumot o‘rnida, yoshlar sohasida hamkorlikni kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston 2018 yil SHHT Yoshlar kengashiga, 2020 yil MDHga a’zo mamlakatlarning Yoshlar ishlari bo‘yicha Kengashiga, 2021 yil Osiyoda o‘zaro ishonch choralari bo‘yicha Kengashining Yoshlar bo‘yicha Kengashiga teng huquqli a’zosi sifatida qabul qilingan.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA