Mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Jumladan, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan izchil sa’y-harakatlar opa-singillarimizning turmush farovonligini yuksaltirishga imkon yaratmoqda.
Ularning biznes sohasidagi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda muammolarini bartaraf etish uchun bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi samarali xizmat ko‘rsatmoqda. Jamg‘arma faoliyati va xotin-qizlarga berilayotgan imkoniyatlar xususida Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi ijrochi direktori Umrbek Ismoilov quyidagilarni ma’lum qildi:
–Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi davlatimiz rahbarining 2021 yil 5 martdagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z faoliyatini boshladi. Jamg‘armadan ko‘zlangan maqsad, jamiyatda ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularni sog‘lom hayotga qaytarish, xotin-qizlarimizni tadbirkorlik sohasiga tayyorlash, kasb-hunarli qilish, ham o‘zi uchun, ham oilasi uchun mustaqil yo‘l topa olishga o‘rgatish, ma’naviy boylik bilan birgalikda, moddiy tayanchga ham ega bo‘la olishini singdirish, o‘ziga bo‘lgan ishonchni, qat’iyatni qaror toptirish, erkin fikrlay oladigan, u ham shu mustaqil yurtimizning erkin fuqarosi ekanligini anglay olishida ko‘makdosh bo‘lishdan iboratdir.
Jamg‘armaga 2023 yil yarim yil holatiga ko‘ra, jami 77 ming 543 milliard so‘m miqdorida tushum kelib tushgan bo‘lib, ular xotin-qizlarimizning kelajagi uchun yo‘naltirilmoqda. Xususan, jamg‘arma tomonidan bugunga qadar 5 ming 413 nafar og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar hamda voyaga yetmagan nogironligi bo‘lgan bolalar reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlandi.
Jarrohlik amaliyotlari o‘tkazish orqali davolanishga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlarning 1 ming 30 nafariga esa jarrohlik amaliyoti o‘tkazish va sog‘lom hayotga qaytarish uchun mablag‘lar to‘lab berildi. Shuningdek, xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik markazlarida tashkil etilgan o‘quv kurslarini olib borgan mutaxassislarga soatbay haq to‘lash maqsadida mablag‘ moliyalashtirildi. Natijada 47 ming 171 nafar xotin-qizlar tadbirkorlik markazlarida kasb-hunarga o‘qitildi. Bu quvonarli hol, albatta. Shuncha ayollarimiz, qizlarimiz mustaqil ravishda o‘zlarining kichik tadbirkorligini yo‘lga qo‘yadilar. Tikuvchilik, pazandachilik, to‘quvchilik, sartaroshlik kabi sohalarda bemalol biznes rejalar tuzib, shaxsiy daromadini topa oladi. Ro‘zg‘ori, oilasi, farzandlari uchun sarf-xarajat qilishga imkoniyati bo‘lib, o‘ziga bo‘lgan ishonchi yana bir bor ortadi. Bundan tashqari jamg‘arma tomonidan zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi, shuningdek, ularning hududiy bo‘limlarini saqlash bilan bog‘liq, shu bilan birgalikda, Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tomonidan xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘tkaziladigan xalqaro tadbirlarni tashkil etish va O‘zbekiston delegatsiyasining xalqaro tadbirlarda ishtirok etishi bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash ham yo‘lga qo‘yildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Ayollar daftari”da turgan 226 nafar og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan xotin-qizlarning yashab turgan uy-joylari ta’mirlanib, boquvchisini yo‘qotgan yolg‘iz onalarga, nogironligi bo‘lgan farzandlarini parvarish qilayotgan ayollarga amaliy yordamlar berildi.
Jamg‘arma hali o‘z oldiga bir qator ustuvor vazilarni belgilab olgan. Xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni tadbirkorlikka yo‘naltirish jamiyat taraqqiyotining asosiy mezonlaridan bo‘lishi ayni haqiqat. Jamiyat gultoji bo‘lgan ayollarimiz, uyimiz fayzi, ko‘nglimiz sururi bo‘lgan opa-singillarimiz, g‘ururimiz, sha’nimiz bo‘lib kelayotgan qizlarimizning ko‘zidagi quvonchni ko‘rish va bunga sababchi bo‘lish ishimiz rivojiga yanada rivoj bag‘ishlaydi. Ular ertaning kelajagi, baxtli kunlarning davomchilari. Zero, ezgu maqsadlar insonni hayotda tanazzuldan qutqaradi, kurashishga, intilishga undaydi. Bizning ham ezgu maqsadimiz xotin-qizlarimizga har jabhada ko‘mak berib, yurtimiz taraqqiyotiga oz bo‘lsa-da, o‘z hissamizni qo‘shishdan iborat.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA