O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Ma’muriy islohotlar doirasida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdi.
Ushbu qaror bilan:
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari;
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi tashkilotlarni qayta tashkil qilish dasturi;
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Innovatsion rivojlanish agentligi hamda Bilim va malakalarni baholash agentligi tashkiliy tuzilmalari, shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasini transformatsiya qilish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, Oliy ta’lim dasturlari yetakchi oliy ta’lim muassasalari bazasida xalqaro tashkilotlarning ta’lim sohalari reytingida yuqori 200 talik ro‘yxatiga kirgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining dasturi asosida qayta ishlab chiqiladi va oliy ta’lim muassasalarining o‘quv laboratoriya bazasiga qo‘yilgan talablar ta’lim dasturlariga, ilmiy laboratoriyalar soha va tarmoqlardagi texnologik jarayonlarga moslashtiriladi.
Professor-o‘qituvchilar yuklamasi o‘quv va ilmiy faoliyatga, o‘quv jarayonlari esa talabalarda mustaqil ta’lim olish ko‘nikmasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
O‘rta maxsus, professional, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’limni, shuningdek, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashni amalga oshiruvchi davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarini tashqi baholashning yangi tizimi joriy etiladi.
Ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi bekor qilinib, kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tizimi joriy etiladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tan olingan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining amaldagi ro‘yxatida birinchi 1 000 talikka kirgan oliy ta’lim tashkilotlari navbatdagi kompleks davlat akkreditatsiyasidan ozod qilinadi.
2025 yil 1 yanvardan boshlab nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga davlat buyurtmasi asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha kvota ularning reytingdagi o‘rniga muvofiq ajratiladi.
2023/2024 o‘quv yilidan boshlab akademik litseylarga o‘quvchilarni qabul qilishda yozma imtihon asosida dastlabki saralash bosqichi bekor qilinadi.
Kollej va texnikumlarning ta’lim dasturlariga davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari ikki baravarga oshiriladi.
Oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishda abituriyentlarga “davlat granti” yoki “ta’lim yo‘nalishi” ustuvorliklaridan birini tanlash va tanlagan ustuvorligi bo‘yicha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ketma-ketligida tanlovda ishtirok etish huquqi beriladi.
Talabaning ta’lim yo‘nalishiga mos startap loyihasini hamda ratsionalizatorlik g‘oyasini bitiruv malakaviy ishi va magistrlik dissertatsiyasi sifatida himoya qilish amaliyoti joriy etiladi.
2024/2025 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini topshirish “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili asosida tashkil etiladi hamda abituriyentlarga test sinovi natijasida to‘plagan balidan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasasi, ta’lim yo‘nalishi va shaklini tanlash imkoniyati yaratiladi.
Umumta’lim fanlari bo‘yicha xalqaro imtihon natijalari bo‘yicha sertifikatlar davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishda inobatga olinadi.
O‘zA