Eronning Shanxay hamkorlik tashkilotiga to‘liq formatda a’zo bo‘lishi hamkorlik yo‘nalishlarini yangi amaliy harakatlar bilan boyitadi hamda keng istiqbol eshiklarini ochadi, deya bayonot berdi tashkilot bosh kotibi Chjan Min.
“RIA Novosti” yozishicha, Chjan Min Eronning tarkibga qo‘shilish yo‘lida olib borgan sa’y-harakatini yuqori baholagan. Jumladan, SHHT safi kengayishi tashkilot amal qilayotgan tamoyil, ayniqsa “Shanxay ruhi” konsepsiyasi xalqaro hamjamiyat tomonidan tobora keng tan olinayotgani va ma’qullanayotganidan dalolat ekanini ta’kidlagan.
Bosh kotib aytishicha, SHHT ochiq tashkilot, tuzilma nizomiga amal qiladigan har qanday mamlakat ushbu “oila”ga a’zo bo‘la oladi.
2001 yil tashkil etilgan mazkur nufuzli xalqaro tashkilotga endi O‘zbekiston, Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Pokiston va Eron a’zo. Afg‘oniston, Belarus va Mo‘g‘uliston kuzatuvchi maqomiga ega. Ozarbayjon, Armaniston, Kamboja, Nepal, BAA, Turkiya va Shri-Lanka muloqot bo‘yicha sherik mamlakatlar hisoblanadi.
2021 sentyabr oyida Dushanbeda tashkil etilgan sammitda Eronni tashkilotga qabul qilish jarayoni boshlangan, 2022 yil sentyabrda bo‘lib o‘tgan Samarqand sammitida esa Belarusni qabul qilish jarayoniga start berilgan edi.