Ma’lumki, oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarni ro‘yxatga olish joriy yilning 20 iyunidan boshlangan bo‘lib, mazkur jarayon agentlikning tegishli sayti orqali amalga oshirilmoqda. Ro‘yxatga olish ishlari joriy yilning 20 iyuliga qadar davom etadi.

Xo‘sh, oliy ta’lim muassasalariga kirishda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qanday imkoniyatlar bor?

Bilim va malakalarni baholash agentligi bosh mutaxassisi Jamshidbek Odilovning so‘zlariga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tish jarayoni  onlayn ravishda tashkil etilmoqda. Hujjatlarni topshirishda abituriyentlardan ortiqcha hujjat talab etilmaydi. Abituriyentlarda faqatgina shaxsini tasdiqlovchi hujjat va umumiy ta’lim olganligi to‘g‘risida guvohnoma mavjudligi yetarli. Ta’lim to‘g‘risidagi tegishli qonunchilikka ko‘ra, umumiy ta’lim olgan abituriyentgina oliy ta’lim olish huquqiga ega sanaladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar hujjat topshirish davomida o‘zining nogironligini tasdiqlovchi ma’lumotlarni taqdim qilishi lozim bo‘ladi.

–Alohida ta’kidlash lozimki, nogironligi bo‘lgan shaxslar test sinovlarida nechanchi marta ishtirok etayotganidan qat’i nazar,  belgilangan to‘lovni amalga oshirmaydi, – deydi Jamshidbek Odilov. – Aslida nogironligi bo‘lgan shaxslar ikki toifaga ajratiladi. Birinchisi ko‘zi ojiz shaxslar va ikkinchisi  boshqa toifadagi nogironligi mavjud shaxslar.

Ko‘zi ojiz abituriyentlar uchun belgilanmagan miqdorda alohida kvotalar ajratiladi. Ko‘zi ojiz abituriyentlar test sinovlarida  ishtirok etmaydi. Ular uchun yozma yoki og‘zaki tarzda alohida maxsus imtihonlar tashkil etiladi. Ko‘zi ojiz abituriyentlar qancha nafarni tashkil etishdan qat’i nazar, davlat granti asosida tanlovsiz ravishda o‘qishga qabul qilinadi.

Ko‘zi ojizlikdan tashqari boshqa toifadagi nogironligi bo‘lgan shaxslarning oliy ta’lim muassasalariga kirishida davlat granti uchun alohida ikki foizlik qo‘shimcha kvotalar ajratiladi. Bunday toifadagi abituriyentlar to‘plagan ballariga qarab taqsimlanadi. Test jarayonlarida ular uchun savollar soddalashtirib berilmaydi. Faqatgina kvotalar ajratiladi.

Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.

O‘zA