Ma’lumki, yurtimizdagi 210 ta oliygoh, 330 ta kasb-hunar maktabi, qariyb 400 ga yaqin kollej va texnikumlar yoshlarga o‘zlari tanlagan sohalar bo‘yicha yetuk kadr va malakali mutaxassis bo‘lish uchun imkoniyat maydoni bo‘lib xizmat qiladi.
Xo‘sh, oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari uchun tayyorgarlik qanday kechmoqda?
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonovning qayd etishicha, bu yil qabuldagi yangilik abituriyentlar sonining ko‘pligidir. Joriy yilda oliy ta’lim muassasalarida o‘qish istagida bo‘lgan abituriyentlar 1 million 200 ming nafardan ortiq bo‘lishi kutilmoqda. Qabul uchun 381 mingta kvota ajratilishi rejalashtirilgan. Shundan 60 mingta davlat granti ko‘zda tutilgan. Qabul uchun testlarning namunaviy shakllari ishlab chiqilgan va tasdiqlangan.
Test sinovlari o‘tkazilishi uchun 92 ta inshoot tayyorlab qo‘yilgan. Imkoniyati cheklangan abituriyentlar alohida suhbatlar asosida qabul qilinadi hamda shaffoflikni ta’minlash uchun joriy yilda ijodiy-kasbiy imtihon o‘tkaziladigan inshootlar eshitish imkoni bor kuzatuv kameralari bilan ta’minlanadi.
Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish istagida bo‘lgan yoshlar ko‘rsatkichi 39-40 foizni tashkil qilmoqda. Kelgusida yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish 42 foizga yetkaziladi.
Shuningdek, vazirning ta’kidlashicha, 2023 yil magistraturaga faqat bir marta yozda qabul bo‘ladi.
–O‘tgan yili ilk marta til sertifikati talab qilingani uchun faqat bir yil uchun 2 marta qabulga ruxsat berilgan, –deydi I.Abdurahmonov. – Lekin bu yil qabul an’anaviy faqat bir marta bo‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish lozimki, o‘tgan yil magistraturaga qishki va yozgi qabul o‘tkazilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA