Xabaringiz bor, 3-7 iyul kunlari poytaxtimizda “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligiga start berilgan.
Bugun “O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans asosi” shiori ostidagi madaniy tadbirlar rasman boshlandi.
Ayni payt ilk anjuman – “O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans asosi” mavzusida xalqaro tadbir bo‘lib o‘tmoqda.
Xalqaro teleboshlovchi va jurnalist Ali Aslan moderatorligida o‘tayotgan yig‘ilishda O‘zbekiston madaniy merosi, turizmni rivojlanishiga bag‘ishlangan mavzularda muhokama va davra suhbatlari tashkil etilmoqda.
Dasturga muvofiq dastlab Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov so‘zga chiqib, oxirgi yillarda madaniyat va turizm sohalarida amalga oshirilgan islohotlar xususida ma’lumot berdi. Jumladan, madaniyat va san’atni yanada rivojlantirish hamda iste’dodli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator oliy o‘quv yurtlarida talabalar uchun davlat stipendiyalari ta’sis etilgani alohida ta’kidlandi.
Mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratish degan ezgu g‘oya asosida barcha sohada juda katta amaliy ishlarga qo‘l urilgan. Bebaho madaniy merosimizni asrab-avaylash, qadimiy yodgorliklarni keng miqyosda tiklash va ilm-fan yutuqlariga asoslangan holda o‘rganish, madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, turizm sektorini xalqaro mezonlar darajasiga olib chiqish bo‘yicha ulkan qadamlar tashlangani e’tirof etildi.
– Ishonchimiz komilki, boshlangan haftalik doirasidagi tadbirlar orqali yurtimizning tarixiy obidalari, Yangi O‘zbekistonda qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar, xalqimizning boy va betakror an’analari, madaniyati va san’ati, mamlakatimiz turizm salohiyati bilan yaqindan tanishib, ulkan taassurot olasiz, – dedi madaniyat va turizm vaziri. – Shuningdek, soha rivojiga doir taklif va mulohazalaringiz bilan o‘rtoqlashasiz degan umiddamiz.
Muloqot chog‘ida sohada ta’lim sifatini yaxshilash maqsadida salohiyatli kadrlarni yetishtirish, qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish maqsadida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgani muhokama qilindi.
Tizimdagi ta’lim muassasalarini zarur o‘quv qo‘llanma va notalar to‘plamlari bilan ta’minlash uchun 19 nomdagi o‘quv qo‘llanma va notalar to‘plamlarini 158 ming 965 nusxada chop etildi hamda davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 6 millard 400 million so‘m mablag‘ ajratildi.
Joriy yil yanvar-iyun oylari davomida 492 ta konsert-tomosha tadbirlari tashkil etilib, 5 million 260 ming aholi qamrab olingan. Ushbu davr ichida teatrlarda 6353 ta spektakl seanslari o‘tkazilgan.
Xorijiy ishtirokchilar 25 davlatda “O‘zbekiston madaniyati kunlari”, turizm ko‘rgazmalari, 7 ta xorijiy gastrol hamda Badiiy ijodkorlar uyushmasi 13 nafar a’zosining xorijda ko‘rgazmalari tashkil etilganini yuqori baholashdi.
Madaniyat muassasalari tarmog‘ini yanada kengaytirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shuningdek, aholiga sifatli madaniy va ko‘ngilochar xizmatlar ko‘rsatish maqsadida qiymati 144,2 milliard so‘m bo‘lgan 33 ta davlat-xususiy sheriklik bitimlari imzolangan.
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Shahrisabz shahrini 2024 yilda turizm poytaxti sifatida e’lon qilgani, bu o‘z navbatida, shaharni Markaziy Osiyo, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Eron, Turkiya va Pokiston davlatlarida targ‘ib etish va sayyohlarni jalb qilishga imkon yaratishi xususida so‘z bordi.
Konferensiyaning ikkinchi qismida “O‘zbekiston madaniy merosininng turizmni rivojlantirishdagi o‘rni” mavzusiga bag‘ishlangan sessiya bo‘lib o‘tadi. Batafsil ma’lumot beriladi. O‘zAni kuzatib boring.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA