Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan “Bosh rejalarning buguni va kelajagi. Rivojlanishdagi yangi yondashuvlar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Uch sessiyadan iborat seminarda mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning qurilish sohasiga daxldor vakillari ishtirok etdi. Shaharsozlikni rivojlantirish va bosh rejalarni ishlab chiqishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari va imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Seminarda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Davron Odilov O‘zbekiston Respublikasida qurilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida gapirdi.
– Mamlakatimizda qurilish ishlari ko‘lami yil sayin ortib bormoqda, – deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Davron Odilov. – Jumladan, respublikada jami qurilish ishlari hajmi 2020 yilda 88 trillion so‘mni, 2021 yilda esa 108 trillion so‘mni va 2022 yilda esa 131 trillion so‘mni tashkil etdi. So‘nggi yillarda qurilish sohasini isloh qilish bo‘yicha 27 ta Prezident hujjatlari va 24 ta Hukumat qarori qabul qilingan. Bundan tashqari, Shaharsozlik kodeksining yangi tahriri qabul qilindi. Shuningdek, 2021-2025 yillarda qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish va innovatsion rivojlantirish bo‘yicha strategiya va “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Mamlakatimizda o‘tgan 6 yil davomida shahar va qishloq aholi punktlari bo‘yicha jami 1 ming 370 ta shaharsozlik hujjatlari, shuningdek, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida jami 1 ming 944 ta ahvoli og‘ir mahallalarning bosh reja sxemalari ishlab chiqildi.
Joriy yilda yana 225 ta shaharsozlik hujjatlari, jumladan, 11 ta shahar va 50 ta shaharchalar bosh rejalari, 42 ta hududning master rejalari hamda 122 ta qishloqning bosh rejalarini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Shuningdek, respublikada birinchi marotaba joylashtirishning bosh sxemalarini ishlab chiqish ishlari olib borilmoqda. Ushbu masalada bosh sxemalarni ishlab chiqish bo‘yicha malakali va tajribali kadrlarga talab mavjud. Shu sababli shaharsozlik sohasida faoliyat yuritgan xorijiy tajribaga ega mutaxassislarni maslahatchi sifatida bosh loyiha institutlariga jalb qilib kelmoqdamiz.
Seminarga taklif etilgan xalqaro va mahalliy ekspertlar, arxitektorlar, loyiha tashkilotlari vakillari, sohada tahsil olayotgan talabalar shaharsozlikni rivojlantirish va bosh rejalarni ishlab chiqishda o‘zini oqlagan xalqaro tajribalar bilan tanishish, o‘zaro fikr almashish imkoniga ega bo‘ladilar.
Sohaga zamonaviy normalar va texnologiyalarni tatbiq qilish maqsadida ilg‘or xorijiy davlatlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Seysmika va zilzilaga oid normativ hujjatlar bo‘yicha Yaponiya bilan hamkorlik qilinmoqda. Qurilish normalarini geologiya, tabiiy-iqlim va seysmik xususiyatlarni inobatga olgan holda xorijiy standartlar bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha Janubiy Koreya bilan hamkorlikda ekspert-konsultantlar jalb etilgan. Shu bilan birga, mamlakatimizda 7 ta ilg‘or mamlakatlarning, jumladan, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, Xitoy, Koreya, Rossiya, AQSH, Yaponiyaning qurilish sohasidagi texnik-normativ hujjatlari ham qo‘llanmoqda.
Buyuk Britaniyaning “Benoy” kompaniyasi ijrochi direktori Djon Dous “Bosh rejalarni ishlab chiqishda muvaffaqiyatli va noto‘g‘ri qarorlar” mavzusida ma’ruza qildi. Tajribali mutaxassis shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, bosh rejalarni loyihalashtirishdagi talablar, bu boradagi xorijiy keyslarning qiyosiy tahlili, natijadorlik ko‘rsatkichlarga to‘xtalib o‘tdi.
Seminarning ikkinchi qismida vazirlikning Arxitektura boshqarmasi boshlig‘i Sh.Atajanov sohada normativ-huquqiy bazani takomillashtirish yuzasidan mulohaza yuritdi. Ta’kidlanganidek, o‘tgan 6 yil vaqt davomida qurilish sohasida 537 ta texnik-normativ hujjatlar ishlab chiqildi. 9 ta texnik reglament, 273 ta standart yangilandi. Bundan tashqari binolarning energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishga oid 10 ta normativ hujjat Yevropa standartlari asosida takomillashtirildi.
Shuningdek, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda “hajm” uslubidan foydalanish amaliyoti joriy qilinmoqda. Eksperiment tariqasida 2024 yil dasturiga kiritilgan ayrim ijtimoiy soha va infratuzilma ob’ektlarida “hajm” uslubini qo‘llash rejalashtirilgan hamda ushbu usullarni joriy qilish bo‘yicha tegishli normativ hujjat loyihasi ishlab chiqilmoqda. Eksperiment natijasi bo‘yicha “hajm” uslubini qurilishning boshqa sohalariga qo‘llash hamda qurilish ob’ektlarining umumiy sonida ushbu uslub ulushini 2025 yilda 50 foizgacha yetkazish ko‘zda tutilgan.
Seminarda xalqaro hamkorlar mamlakatimizda o‘rta shaharlarni rivojlantirish mavzusida taqdimot o‘tkazdi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA