Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish davrida Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar, Prezident saylovida xalqaro tashkilotlardan va xorijiy davlatlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni hamda OAV vakillarini akkreditatsiya qilishga doir masalalar shular jumlasidandir.

Saylovga tayyorgarlik ko‘rish davrida Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha ko‘rilgan choralar komissiya a’zolari tomonidan muhokama etildi va tegishli qaror qabul qilindi. Qayd etilganidek, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan barcha murojaatlarga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qonunchilik hujjatlariga asoslangan holda o‘z vaqtida javob qaytarilmoqda hamda hech bir murojaat e’tibordan chetda qoldirilmayapti.

Majlisda Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan YeXHT DIIHB, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi, MDH, Saylov tizimlari xalqaro jamg‘armasi kabi tashkilotlar hamda bir qator xorijiy davlatlardan jami 401 nafar kuzatuvchi akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlarni o‘rganish natijalariga ko‘ra, mahalliy ommaviy axborot vositalarining 42 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi va bu haqda qaror qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida akkreditatsiyadan o‘tgan xalqaro tashkilotlardan va xorijiy davlatlardan qatnashadigan kuzatuvchilarning umumiy soni 785 nafarni, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarining umumiy soni 1 ming 299 nafarni tashkil etmoqda.

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA