Ma’lumki, saylovlarni har tomonlama demokratik ruhda o‘tishida saylov komissiyalari, ularning a’zolari o‘rni va roli nihoyatda muhimdir. O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga saylovlarni belgilangan talablar darajasida tashkil etish va o‘tkazishda tegishli tizimlashgan saylov komissiyalarining faoliyat yuritishi nazarda tutilgan.

O‘zA muxbiri saylov komissiyalari va ularning vazifalari xususida O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti professori, ekspert guruhi a’zosi Sherzod Zulfiqorovning fikrlari bilan qiziqdi.

– Saylovlarni tashkil etish va o‘tkazishda quyidagi saylov komissiyalari faoliyat olib borada, – deydi Sherzod Zulfiqorov. – Ular markaziy saylov komissiyasi, okrug saylov komissiyasi, uchastka saylov komissiyasidir. Mazkur saylov komissiyalarini shakllantirish va faoliyatini tashkil etishda foydalaniladigan bir qancha qonunchilik hujjatlari mavjud.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Saylov kodeksi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to‘g‘risidagi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to‘g‘risidagi nizomlar shular jumlasidandir.

– Markaziy saylov komissiyasi maqomi qanday va uning a’zosi bo‘lish uchun qonunchiligimizda qanday talablar belgilab qo‘yilgan?

– O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 129-moddasiga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi saylov komissiyalari tizimiga boshchilik qiladi, o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi hamda o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga amal qilishi belgilab qo‘yilgan. Markaziy saylov komissiyasi alohida konstitutsiyaviy organ bo‘lib, u doimiy tarzda faoliyat olib boradi. Ba’zi bir davlatlar tajribasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Germaniya, Avstriya, Fransiyada Ichki ishlar vazirligi, Finlyandiyada Adliya vazirligi saylovlar bilan shug‘ullanadi. Ushbu organlar faqatgina saylovlar o‘tkazish davridagina jarayonga o‘z e’tiborini qaratadi.

Darhaqiqat, Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazish uchun uchun bevosita tashkil etilgan. Umumlashtirilgan holda aytish mumkinki, Markaziy saylov komissiyasi Prezident saylovini o‘tkazish uchun tuziladigan saylov komissiyalari tizimiga boshchilik qiladi, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida kodeks ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi, uning bir xil tarzda qo‘llanilishini ta’minlaydi.

Xabaringiz bor, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi joriy yilning 10 mayidan boshlanishi e’lon qilindi.

E’tiborlisi, Markaziy saylov komissiyasining a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining tavsiyasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan saylanadi. Ayni bir shaxsning surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining raisi etib saylanishi mumkin emasligi konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan.

E’tibor qaratadigan bo‘lsak, hozirgi kunda Markaziy saylov komissiyasi tarkibi 21 kishidan iborat bo‘lib, mazkur tarkibning 7 nafar a’zosi ayollardan iborat. Demakki, mamlakatimizda gender tenglik masalalariga alohida e’tibor qaratilyapti.

BMT xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishga ham juda katta e’tibor qaratib kelmoqda. 1952 yil 20 dekabrdagi “Xotin-qizlarning siyosiy huquqlari to‘g‘risida»gi Konvensiyaning 1-moddasida ayollarning hech bir kamsitishlarsiz erkaklar bilan teng sharoitlarda barcha saylovlarda ovoz berish huquqiga egaligi belgilangan. Mazkur hujjatning 2-moddasida esa “ayollar hech bir kamsitishlarsiz erkaklar bilan teng sharoitlarda milliy qonunchilikda belgilangan saylashni talab qiladigan tashkilotlarga saylanishi mumkinligiga oid normalar mavjud.

– Okrug va uchastka saylov komissiyasi vakolatlari va a’zo nomzodlarga qo‘yiladigan talablar nimalardan iborat?

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlarini tashkil qilish va o‘tkazishda okrug va uchastka saylov komissiyalarining o‘rni va roli nihoyatda yuqori. Darhaqiqat, Saylov kodeksining 21-24-moddalarida okrug va uchastka saylov komissiyalarining huquqiy maqomiga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlash uchun tavsiya etiladi. Prezident saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyasi tarkibi — komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibidan va komissiyaning 8 – 18 nafar boshqa a’zolaridan iborat tarkibda tuziladi.

Saylov kodeksi va “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to‘g‘risida»gi nizom(2021 yil 14 aprel)da belgilangan qoidalardan kelib chiqib, okrug saylov komissiyasi vakolatlariga: tegishli hududda Saylov kodeksining ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish; saylov uchastkalarini tuzish; uchastka saylov komissiyalarini tuzish va uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirish; nomzodlarga saylov kampaniyasida ishtirok etish uchun teng sharoitlarni ta’minlash; saylov okrugi bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash va ularni tegishincha Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etish kabi muhim vakolatlarni bevosita amalga oshiradi.

Saylov kodeksi va “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to‘g‘risida»gi nizom(2021 yil 14 aprel)da belgilangan qoidalardan kelib chiqib, uchastka saylov komissiyasi okrug saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida qirq kun qolganida 5-19 nafar a’zodan, shu jumladan, rais, rais o‘rinbosari va kotibdan iborat tarkibda tuzilishi belgilab qo‘yilgan. E’tibor qaratish kerakki, uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taklif etilib, bu nomzodlar xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda tegishli okrug saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.

Saylov jarayonida uchastka saylov komissiyasining quyidagi muhim vakolatlarini ko‘rsatib o‘tish mumkin. Ular uchastka bo‘yicha saylovchilarning ro‘yxatini tuzadi; saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish va ovoz berishda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilardan to‘ldirilgan saylov byulletenlarini yopiq konvertlarda qabul qilib oladi; binoning yashirin ovoz berish kabinalari yoki xonalari va saylov qutilari, shuningdek, boshqa jihozlar bilan tayyorlab qo‘yilishini ta’minlaydi; saylov kuni uchastkada ovoz berishni tashkil etadi; ovozlarni sanab chiqadi va shu kabi boshqa vakolatlarni sanab o‘tish mumkin.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, saylov jarayonlarining yuqori saviyada tashkil etilishi va o‘tkazilishida saylov komissiyalarining o‘rni va roli nihoyatda muhimdir. Shuning uchun ham saylov komissiyalari o‘zlariga yuklatilgan vazifa hamda majburiyatlarni sidqidildan, vijdonan bajarishlari lozim bo‘ladi.

 

O‘zA muxbiri Abdulaziz Rustamov yozib oldi.