Shu yilning 1-7 iyul kunlari Italiya poytaxti Rimda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning 43-konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etmoqda.
Konferensiya davomida turli sessiyalar tashkil etilishi belgilangan. Unda ishlab chiqarishni takomillashtirish orqali suv resurslaridan oqilona foydalanish, oziq-ovqat iste’moli sifatini yaxshilash, atrof-muhit holatini yaxshilash hamda hayot tarzini takomillashtirishga oid qator masalalar muhokama qilinadi. Yagona va konstruktiv yechimlar belgilanishi kun tartibidan o‘rin olgan.
O‘zbekiston delegatsiyasining mazkur tashkilot tadbirlarida ishtiroki boshlandi. Jumladan, qishloq xo‘jaligi vaziri A.Voitov konferensiya doirasida FAO bosh direktorining o‘rinbosari, Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Vladimir Raxmanin bilan uchrashdi.
Uchrashuvda vazir tashkilot bilan hamkorlik jo‘shqin borayotganligini qayd etdi. O‘zbekiston tomoni qishloq hududlarini rivojlantirish va mamlakat oziq-ovqat tizimini qayta tashkil etishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda FAOning rolini yuqori baholashini ma’lum qildi. Uchrashuvda FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi faoliyatini kengaytirish lozimligi ta’kidlandi, kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish, shu maqsadda o‘zbekistonlik yoshlar uchun qo‘shma dastur tashkil qilish taklifi o‘rtaga tashlandi.
Aziz Voitov ta’kidlaganidek, 7-8-sentyabrda Samarqandda FAO bilan hamkorlikda Oziq-ovqat xafsizligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya tashkil etiladi. Uchrashuvda ushbu global ahamiyatga ega tadbirni o‘tkazishga oid tashkiliy masalalar ham muhokama etildi.
M.Komilova, O‘zA