Jahon hamjamiyati yana bir yirik siyosiy voqea arafasida turibdi. 4 iyul kuni Hindistonning Nyu-Deli shahrida SHHTning yillik sammiti bo‘lib o‘tadi. Anjumanda O‘zbekiston Prezidenti ishtirok etib, nutq so‘zlashi kutilmoqda. Ayni mavzuda fikrlashish uchun Toshkent  davlat sharqshunoslik universiteti professori Sayfiddin Jo‘rayev hamda mustaqil tadqiqotchi Gulbahor Hamroqulova bilan suhbatlashdik.

– Ertaga, 4 iyul kuni SHHT yillik sammiti bo‘lishi kutilmoqda. So‘nggi sammit 2022 yil O‘zbekistonning qadimiy va hamisha navqiron shahrida bo‘lib o‘tgan edi. Bu galgi tadbir va Samarqand sammitida qabul qilingan qarorlarning ahamiyati, amaliyotga tatbiq etilishi haqida so‘zlab bersangiz.

S.Jo‘rayev: – Alohida ta’kidlash mumkinki, Samarqand sammiti yirik siyosiy tarixiy voqeaga aylandi. Tashkilot faoliyatini yangi bosqichga olib chiqib, transformatsion o‘zgarishlarni boshlab berdi.

Dunyoda vaziyat borgan sari murakkablashmoqda. Ayrim davlatlar o‘rtasida kelishmovchilik, harbiy-siyosiy mojaro avjiga chiqmoqda. Bu jahon xalqlari hayotiga, davlatlar iqtisodiy taraqqiyotiga salbiy ta’sir qilyapti. Shunday holatda o‘zaro muloqotga asoslangan hamkorlik platformasiga ehtiyoj kundan-kun ortmoqda. Ochig‘ini aytish kerak, Samarqand sammitidan keyin SHHTning shunday xalqaro-mintaqaviy platformaga aylanishi jarayoni kuchaydi.

Tashkilot faoliyat boshlagan dastlabki davrda masalalarni kelishuv va muloqot shaklida kun tartibiga olib chiqishga alohida e’tibor qaratilib, “Shanxay ruhi” iborasi paydo bo‘lgan edi. Bugun dunyo siyosatida shunga hamohang “Samarqand ruhi” tushunchasi kirib keldi. Tinchlikni ta’minlash, nafaqat tashkilotga a’zo davlatlar, balki butun Yevrosiyo mintaqasi rivojlanishiga xizmat qiladigan qarorlarni qabul qilish va amalga oshirishda Samarqand sammitining ahamiyati oshib bormoqda. Inqiroz va tanglik, oxiri nima bilan tugashini bilib bo‘lmaydigan ziddiyatlar kuchayishi sharoitida O‘zbekistonning sa’y-harakati dunyodagi vaziyatni o‘zgartirishga turtki berdi. O‘ylaymizki, bu galgi sammit doirasida qabul qilinadigan qarorlar ham nafaqat tegishli hudud, balki boshqa mintaqalarda ham barqarorlik, taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladi.

– Tuzilmaning rivojlanish sur’ati haqida qanday fikr bildirish mumkin?

G.Hamroqulova: – Avvalo, 2001 yil tashkil topgan tashkilot harbiy blok emas, mudofaa funksiyasini bajara olmaydi.

Tashkil etilganidan buyon asosiy maqsadlardan biri sifatida terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha sa’y-harakatni birlashtirish belgilangan. SHHT bosib o‘tgan yo‘lga nazar solsak, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni, tinchlikni ta’minlashga munosib hissa qo‘shib kelayotganiga guvoh bo‘lamiz. Darhaqiqat, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida turli  tahdidlar – terrorizm, ekstremizm, separatizm, giyohvandlik, transchegaraviy uyushgan jinoyatchilik, axborot texnologiyalaridan noqonuniy maqsadda foydalanishga qarshi kurashishni o‘z ichiga olgan xavfsizlik sohasidagi faoliyat muhim ahamiyatga ega.

Hozir SHHTning mintaqaviy tashkilot sifatida dunyoda kechayotgan jarayonlarga mos ravishda sezilarli darajada rivojlanishi kuzatilmoqda. Muhim strategik faktlarga e’tibor beraylik. A’zo davlatlarda dunyo aholisining, deyarli, yarmi istiqomat qiladi, SHHT maydoni yer yuzining to‘rtdan bir qismini egallagan, umumiy YAIM 23 trillion dollardan oshadi. Keyingi yillarda energetika va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, epidemiyaga, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha sheriklik yo‘lga qo‘yildi.

Siyosat va xavfsizlik, iqtisodiyot, madaniyat, xalqaro munosabatlar kabi o‘nlab turli yo‘nalishlarda hamkorlik rivojlanmoqda. Aytish mumkinki, SHHT o‘z faoliyati davomida siyosiy va madaniy an’analari xilma-xil bo‘lgan davlatlar o‘zaro tinch-totuv yashashini ta’minlamoqda, har tomonlama manfaatli sheriklik uchun qulay muhitni muvaffaqiyatli yaratib, ulkan ijobiy natijalarga erishmoqda.

Ko‘rinib turibdiki, tashkilot doirasidagi hamkorlik ko‘lami sezilarli darajada kengayib, turli sohalarda shakllanib, rivojlanmoqda. Bu holat ishtirokchi davlatlar o‘rtasidagi munosabatni yuqori darajaga ko‘tarib, umumiy manfaatlarni aks ettirmoqda. O‘z navbatida, a’zo davlatlarning do‘stona, yaxshi qo‘shnichilik munosabati uchun shart-sharoit, imkoniyat yaratmoqda.

Sayfiddin aka, Samarqand sammitida tashkilot yana kengaydi. Bu jarayon qanday davom etadi, a’zolarning o‘ziga xos xususiyati nimada namoyon bo‘lmoqda?

S.Jo‘rayev: – Darhaqiqat, Samarqand sammitining muhim strategik  natijalaridan biri – tashkilotning kengayish tomon qadam qo‘yishi yirik burilishdir. Anjumandan so‘ng tashkilot ko‘pchilikning e’tiborini torta boshladi. Masalan, 2023 yil Eron rasman a’zo davlatga aylandi, Saudiya Arabistoni muloqot bo‘yicha hamkor maqomini oldi, Belarus tashkilotga a’zolik tartibidan boxabar qilindi. Turkiya va boshqa davlatlar ham SHHTga intilmoqda.

Fikrimizcha, geografik qamrov yanada kengayadi. Ayni payt tashkilotga sakkiz davlat a’zo. To‘rt kuzatuvchi bor – Eron, Belarus, Mo‘g‘uliston va Afg‘oniston. Eron va Belarus a’zolik ostonasida.

Shu yil may oyida SHHT Vazirlar kengashining Hindistonda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishi doirasida muloqot bo‘yicha sherik maqomini to‘rt davlat – Quvayt, Maldiv orollari, Myanma va Birlashgan Arab Amirliklariga berish bo‘yicha memorandumlar imzolandi. Bundan tashqari, Bahrayn uchun muloqot bo‘yicha sherik maqomini rasmiylashtirish ishi tugamoqda. Kuzatuvchi davlat maqomini olish uchun olti, muloqot bo‘yicha sherik maqomini olish uchun uch davlat murojaat qilgan.

Fikrimizcha, bunday qiziqishning sababi, birinchidan, “Shanxay  va Samarqand ruhi” tamoyillariga asoslangan holda tashkilot doirasida o‘rnatilgan me’yor va qadriyatlar tobora e’tirof etilayotgani bilan bog‘liq. Qolaversa, SHHT ochiq tashkilot.

SHHTning xalqaro tashkilot sifatidagi jozibadorligi faoliyati asosini tashkil etadigan quyidagi tamoyillarda namoyon bo‘lmoqda: tuzilma turli bloklardan xoli maqomga ega, ochiq, boshqa mamlakat yoki xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmagan, barcha ishtirokchi tomonlar tengligi va suvereniteti hurmat qilinadi, bir-birining ichki ishiga aralashilmaydi, siyosiy qarama-qarshilik va ixtilofli raqobatga yo‘l qo‘yilmaydi. Shanxay hamkorlik tashkilotining muvaffaqiyat garovi – mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash orqali ko‘p tomonli hamkorlikni ilgari surish.

Gap SHHTda “Shanxay ruhi”ni tashkil etuvchi tamoyillar, birinchi navbatda, o‘zaro hurmat va ishonch, ichki ishlarga aralashmaslik, barchaning to‘liq teng huquqliligi tamoyili asosida shakllangan munosabat muhiti haqida bormoqda. Har bir a’zo davlat fikrini tushunish va hurmat qilish asosida umumiy nuqtai nazarni belgilash, umumiy manfaatlar tekisligida birgalikda harakatlanish ustuvorlik kasb etadi. Bunday hamkorlik a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash va yaxshi munosabat o‘rnatish uchun qulay muhit yaratadi.

Shuningdek, o‘zaro ishonch mustahkamlanib borishi, ulkan mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni samarali ta’minlash bo‘yicha aniq tashabbus, amaliy natijalar ko‘pchilikning e’tiborini tortmoqda. Boshqa tomondan mintaqaviy iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot, a’zo davlatlar, xalqlar o‘rtasida gumanitar almashinuv, o‘zaro tushunish va do‘stona aloqa, boshqacha aytganda, xalqona va madaniy diplomatiya rivojlanishi uchun barcha shart-sharoit yaratilishi jozibadorlikni yanada kuchaytirmoqda.

– Ko‘pchilikni qiziqtirayotgan savol: SHHTning dunyodagi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan aloqasi qanday? Boshqa tuzilmalar bilan raqobat muhimmi yoki hamkorlik?

– S.Jo‘rayev: – Ko‘p tomonlama tashkilot sifatidagi faoliyatining asosiy yo‘nalishi tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni saqlash, shuningdek, taraqqiyot va farovonlikka ko‘maklashishdan kelib chiqib, SHHT BMT kabi xalqaro tashkilotlar bilan ochiq hamkorlik qilib kelmoqda. BMT ixtisoslashgan idoralari bilan rasmiy aloqa o‘rnatilgan. Umuman, SHHT BMTning xalqaro miqyosdagi markaziy rolini faol qo‘llab-quvvatlaydi va tashiklot faoliyatining faol va mas’uliyatli ishtirokchisi hisoblanadi.

Bu borada SHHT quyidagi qoidalarga asosolanadi: ko‘p tomonlama yondashuv, tahdidlarga birgalikda javob berish, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlariga asoslangan ko‘p qutbli dunyo tartibini barpo etish, teng, umumiy, ajralmas, keng qamrovli va barqaror xavfsizlik va sivilizatsiyalar xilma-xilligi.

Bu jarayonda SHHT BMT va ixtisoslashgan idoralar bilan hamkorlikka alohida ahamiyat beradi. Bu tamoyil a’zo davlatlar rahbarlari kengashi deklaratsiyalarida ifodasini topgan. BMT Bosh Assambleyasining 2004 yil 2 dekabrdagi 59/48-rezolyutsiyasi qabul qilingandan beri SHHT BMT huzurida kuzatuvchi maqomiga ega. 2009 yildan boshlab Bosh Assambleyaning BMT va SHHT hamkorligiga oid yettita rezolyutsiyasi qabul qilingan.

2005 yil SHHT Kotibiyati va MDH Ijroiya qo‘mitasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan. Ikki tuzilmaning doimiy organlari muntazam aloqada, o‘zaro tajriba almashib keladi. Hozirgi kunda o‘zaro hamkorlikni zamonaviy talab asosida rivojlantirish, o‘zaro almashinuvni rejali asosga o‘tkazishning yangi shakllarini ishlab chiqishga harakat qilinyapti.

Yevropa Ittifoqi va SHHT o‘rtasidagi ilk muloqot 2004 yil tashkil etilgan. Shundan buyon vaqti-vaqti bilan uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda.

SHHT boshqa tashkilotlar bilan raqobatlashmaydi, balki hamkorlik qiladi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, birinchidan, hozirgi davr va jarayonlar o‘zaro chambarchas bog‘langan dunyoda xavfli muammolar girdobidan chiqishning yagona yo‘li – konstruktiv muloqot, har bir tomonning manfaatini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan ko‘p yoqlama hamkorlik. Bu borada barcha xalqaro tashkilotlar bir-birini to‘ldiradi.

Aynan inqiroz va bo‘hron davrida mamlakatlar, xoh katta, o‘rta yoki kichik bo‘lsin, tor doiradagi manfaatini ustun qo‘ymasdan, aksincha, asosiy e’tiborni global hamjihatlikka qaratishi lozim. Tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga xavf tug‘dirayotgan, har qanday mamlakatga rahna soladigan tahdid va xatarlarga qarshi umumiy sa’y-harakat, imkoniyatni birlashtirish hamda safarbar etish barchamiz uchun birdek manfaatlidir.

Qolaversa, samarali xalqaro hamkorlik barqaror, ishonchli va farovon taraqqiyotning eng muhim omilidir. Aynan shunday yondashuv zamonamizning dolzarb muammolarini bahamjihat hal etish, yangi xavf-xatar va ijtimoiy larzalardan himoyalanish uchun eng aniq, maqbul va samarali yo‘l hisoblanadi.

– Dehli sammitining kun tartibi haqida ham ma’lumot bersangiz.

– G.Hamroqulova: – Navbatdagi sammitda Samarqandda qabul qilingan deklaratsiya asosida va tashkilot oldidagi vazifalardan kelib chiqib, qator dolzarb vazifalar muhokama kilinishi, muhim qarorlar qabul qilinishi kutilyapti. Hindiston O‘zbekistondan raislikni qabul qilgan 2022 yil sentyabridan buyon tashkil etilgan tadbirlarga nazar tashlansa, o‘ziga xos bir jihatni ko‘rish mumkin. Ma’lumki, qadimiy an’ana, boy tarix va madaniyatga ega Hindiston shu davrda bir necha yirik madaniy tadbir o‘tkazdi va bu sa’y-harakat a’zo davlatlar tomonidan ijobiy baholandi.

Hindistonning innovatsiyaga katta e’tibor berish siyosatidan kelib chiqsak, Dehli sammitining diqqatga sazovor xususiyatlaridan biri ilm-fan, texnologiya yutuqlari, innovatsion korxonalarni ommalashtirishga qaratilishi ayon bo‘ladi.

Shu o‘rinda SHHTga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tganini ta’kidlamoqchiman. Tabiiyki, oliy darajadagi sammit SHHT rivojida yana bir yorqin iz qoldirishi uchun barcha asos bor.

– Mazmunli suhbat uchun minnatdorlik bildiraman.

Abror G‘ulomov tayyorladi.

O‘zA