Huquqiy munosabat(rukn)

Ma’lumki, respublikamiz hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish jamiyatda konfessiyalararo totuvlik hamda diniy bag‘rikenglik buzilishiga olib keladigan, diniy zo‘ravonlik va boshboshdoqlikka chorlaydigan g‘oyalar hamda qarashlar tarqalishining oldini olish maqsadida dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olingandan keyin amalga oshiriladi.

Xo‘sh, mumkin bo‘lgan xulosalar ichida gologramma bo‘lishi kerakmi? Shu kabi savollarga huquqshunos Muxriddin Shamsiddinov quyidagicha javob berdi.

–Mazkur savolga Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 apreldagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan “Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish hamda dinshunoslik ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom asosida javob berish mumkin. Nizomning 2-bandiga ko‘ra gologramma — belgilangan diniy mazmundagi materiallarni tarqatish uchun ruxsat berilganini bildiruvchi maxsus emblema hisoblanadi.

Diniy mazmundagi materiallar deganda esa diniy ta’limotning aqidaviy asoslarini, tarixini, diniy ta’limot mafkurasini va sharhlarni, turli diniy ta’limotlarning marosimlar o‘tkazish amaliyotini, shuningdek, alohida shaxslarning, tarixiy faktlar va hodisalarning diniy nuqtai nazardan bahosini aks ettiruvchi kitoblar, risolalar, jurnallar, gazetalar, varaqalar, boshqa bosma nashrlar, belgilar, predmetlar, ramzlar, audiovizual asarlar (tele, kino va videofilmlar, kliplar, konsert dasturlarining yozuvlari, multfilmlar va boshqalar), elektron axborot tashuvchilar (disketlar, CD, DVD disklari, o‘rnatilgan va yechib olinadigan xotira kartalari, Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirilgan materiallar va boshqalar) tushuniladi.

–Ijobiy xulosa olinmasa, gologramma berilmaydimi?

–E’tibor qaratish kerakki, Nizomning 11-bandiga muvofiq jismoniy shaxslar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun hamda ilmiy-tadqiqot o‘tkazish maqsadlarida har bir nomlanishdagi materialdan uch nusxadan oshmagan miqdorda ijobiy xulosa olingandan keyin O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishiga yo‘l qo‘yiladi. Diniy tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan materiallar ijobiy xulosa olingandan keyin gologramma bilan tamg‘alanishi lozim.

Ijobiy xulosa olinmagan va gologramma bilan tamg‘alanmagan materiallar O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi taqiqlanadi. Mazkur tartibga amal qilmagan holda olib kirilgan materiallar uchun olib kiruvchi shaxs javobgar hisoblanadi.

Shuningdek, mazkur Nizomning 29-bandiga asosan ijobiy xulosaga ko‘ra olib kirish, tayyorlash va tarqatishga taqdim etilgan materiallar vakolatli organning maxsus gologrammasi bilan tamg‘alanadi.

Elektron ko‘rinishdagi materiallar vakolatli organ tomonidan berilgan ijobiy xulosaning sanasi va raqami hamda materialning muallifi va nomlanishi (agar mavjud bo‘lsa) haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan QR-kod bilan tasdiqlanadi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA