O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) Qoidalar qo‘mitasi raisi Talal Fahad al Ahmad al Sabah bilan o‘tkazilgan uchrashuvda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Muloqot jarayonida Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov yurtimizda olimpiya harakati va sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga qaratilayotgan e’tibor, “Xanchjou-2022” Osiyo o‘yinlari va “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlari xususida so‘z yuritdi.

O‘z o‘rnida, martabali mehmon O‘zbekistonning qit’a olimpiya harakatida tutgan o‘rni, xalqaro sport olamida yurtimiz sportchilari qo‘lga kiritayotgan yutuqlar, shuningdek mamlakatimiz mintaqaning eng faol sport mamlakatlaridan biriga aylanayotganini ta’kidladi.

Qayd etish joiz, Talal Al Sabah joriy yil 8 iyul kuni o‘tadigan OOK prezidentligiga saylovda nomzodlardan biri hisoblanadi.

Uchrashuv davomida u o‘zining rejalari, OOK va qit’amiz sportini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Samimiy ruhda o‘tgan suhbat davomida nafaqat OOK, balki Quvayt va O‘zbekiston sportidagi hamkorlikning yangi qirralari xususida fikr almashildi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA