Germaniyaning Berlin shahrida o‘tkazilgan Butunjahon maxsus olimpiadasida ishtirok etgan o‘zbekistonlik iroda va matonat sohiblari 33 ta medalni qo‘lga kiritdi.

Vatanimiz sport shuhratini ulug‘lagan hamyurtlarimiz bugun erta tongda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

Ushbu nufuzli musobaqada hamyurtlarimiz munosib ishtirok etib, 5 ta oltin, 14 ta kumush va 14 ta bronza, jami 33 ta medalni qo‘lga kiritdi.

Kutib olish marosimida Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, sportchilarning yaqinlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Vazir o‘rinbosari hamyurtlarimizni Butunjahon maxsus olimpiadasidagi munosib ishtiroki bilan qutlab, keyingi musobaqalarda omad tiladi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA