Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 27 iyun kuni Jizzax viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvni nomzodning Jizzax viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Bayrambek Uzoqov ochdi. Shavkat Mirziyoyev rahbarligida viloyatda katta islohotlar amalga oshirilgani, shahar va tumanlar har tomonlama rivojlanayotgani ta’kidlandi.
Shuнdan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi.
Nomzod dastlab viloyatda kelgusi yetti yilda ta’limni rivojlantirishga oid rejalari haqida to‘xtaldi.
– 400 ta yangi bog‘cha tashkil etish hisobiga viloyatda maktabgacha ta’limga ehtiyoj to‘liq – 100 foizga qoplanadi. 2030 yilga qadar yangi maktablar qurish, mavjudlarining quvvatini oshirish, shuningdek, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash hisobiga qo‘shimcha 75 ming o‘quvchi o‘rni yaratiladi. Natijada birorta tumanda 30 nafardan ko‘p bola o‘qiydigan maktab sinflari qolmaydi (hozirda bunday sinflar soni 1 mingta). Bunda barcha maktablar zamonaviy kompyuter sinfi, interaktiv doska va o‘quv laboratoriyasi bilan jihozlanadi. Barcha bog‘cha va maktablarda o‘g‘il-qizlarimiz uchun filtrlangan ichimlik suvi ta’minoti yo‘lga qo‘yiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Kelgusi yetti yilda Jizzaxda 85 ta tibbiyot muassasasi qurilishi va ta’mirlanishi ma’lum qilindi.
– Xususan, allergologiya, urologiya, neyroxirurgiya kabi 12 ta ixtisoslashgan markaz filiallari ishga tushiriladi. G‘allaorol va Paxtakorda tumanlararo perinatal markazlar ochiladi. Bundan tashqari, viloyatda bolalar yurak jarrohligi yo‘lga qo‘yiladi. Buning hisobiga har yili 500 nafardan ziyod yurak nuqsoni bor bolalarda murakkab operatsiyalar o‘tkaziladi, – dedi nomzod.
Saylovoldi dasturida Jizzax viloyati aholisi turmush sharoitini yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratilgan.
– Odamlarimizning uy-joyga ehtiyojini ta’minlash maqsadida 2030 yilga qadar 25 ming oilaga mo‘ljallangan 500 ta ko‘p qavatli uy barpo etiladi. Viloyatda eng dolzarb bo‘lgan ichimlik suvi masalasiga e’tiborni yanada kuchaytiramiz. Kelgusi yilda Zarafshon daryosidan 160 kilometr magistral quvurni tortish hisobiga Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Do‘stlik, Paxtakor, Mirzacho‘l tumanlari va Jizzax shahridagi 600 ming aholining suv ta’minoti tubdan yaxshilanadi. Suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 100 ta mahallada 2 ming kilometr ichimlik suvi tarmoqlari o‘tkaziladi. Natijada, 320 ming aholi ilk bor toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Umuman, 2030 yilga qadar viloyat aholisining markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti 90 foizga yetadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuvda Jizzaxda Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikda elektromobil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi.
– Jizzaxda avtomobilsozlik klasteri faoliyati yo‘lga qo‘yilib, jami 700 million dollarlik investitsiya kiritiladi. Xususan, Xitoy kompaniyalari bilan 80 million dollar investitsiya hisobiga yiliga yana 50 mingta avtomobillar ishlab chiqarish boshlanadi. 130 million dollar investitsiya hisobiga elektromobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi va kelgusi yillarda quvvati 300 ming donaga yetkaziladi.
Shuningdek, koreyalik hamkorlar bilan birgalikda 235 million dollarlik loyiha doirasida avtomobil ishlab chiqarish hajmi 200 ming donaga yetkaziladi, – dedi nomzod.
Viloyatda elektr energiyasi ishlab chiqarish borasida qilinadigan rejalar haqida ham ma’lumot berildi.
– Sanoatni rivojlantirish uchun barqaror elektr energiyasi zarur. Bu borada Forish va G‘allaorolda Xitoy va Birlashgan Arab Amirliklari kompaniyalari bilan jami 750 Megavatt quvvatga ega 700 million dollarlik quyosh stansiyalari ishga tushiriladi. Sharof Rashidov tumanida Turkiya kompaniyasining 350 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi hisobiga 450 Megavattli zamonaviy bug‘-gaz qurilmasi barpo etiladi. Shuningdek, 4,5 ming kilometr elektr tarmoqlari va 1 ming 100 dan ortiq transformator yangilanadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Jizzaxlik saylovchilar bilan uchrashuvda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda iqtidorli va tashabbuskor yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga oid rejalari haqida alohida to‘xtaldi.
– Har bir viloyatda kamida 100 gektar maydonda “Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazi”ni tashkil qilamiz. Ushbu markaz yoshlarimiz uchun chinakam “loyihalar fabrikasi” bo‘ladi va unga erkin iqtisodiy zona maqomi beriladi. Ushbu Markazda loyiha ofislari joylashtirilib, yoshlar g‘oyalarini “tayyor biznes”ga aylantirishga ko‘maklashadi. Shuningdek, Markaz hududida sanoat zonalari va “startap” loyihalari uchun kovorking maydonchalari bo‘ladi.
Tumanlardagi jami 210 ta yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalariga esa Markazlarning filiali maqomi beriladi va ularda “loyiha guruh”lari ish yuritadi, – dedi nomzod.
Endi “Top-100” oliygohga kirgan o‘g‘il-qizlarimizga “El-yurt umidi” jamg‘armasi mablag‘lari qo‘shimcha imtihonlarsiz ajratilishi ma’lum qilindi.
– Dunyoning “Top-100” talik oliygohiga grantga kirayotgan o‘g‘il-qizlarimiz soni tobora ko‘paymoqda. Mamlakatimizning “Oltin fondi” bo‘lgan ushbu iqtidorli yoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz zarur. Endi ularga “El-yurt umidi” jamg‘armasi mablag‘lari qo‘shimcha imtihonlarsiz ajratiladi. “Top-500” oliygoh grantini olgan farzandlarimizga aviachipta va yotoqxona xarajatlari to‘liq qoplab beriladi. Bu maqsadlar uchun har yili 200 million dollar ajratiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Buxoro, Samarqand, Xiva, Termiz, Shahrisabz, Qo‘qon kabi turistik majmualarda, shahar va tumanlardagi markaziy parklarda “Ochiq osmon ostida kutubxona”lar tashkil qilinishi aytildi.
– Shu bilan birga, o‘z hisobidan kutubxona barpo etayotgan tashabbuskorga 1 mingtadan o‘zbek va jahon adabiyotining durdona asarlari olib beriladi. Ular davlat hisobidan kompyuter bilan jihozlanib, Milliy kutubxona bazasiga ulanadi, – dedi nomzod.
Uchrashuvda partiya vakillari va mehmonlar so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi va boshqalarni ham shunga da’vat etdi.
Ziyodulla JONIBEKOV, O‘zA