O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 1-Qoraqalpog‘iston okrug saylov komissiyasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda okrug saylov komissiyasi raisi T.Atamuratov shu yilning 9 iyul kuni o‘tkaziladigan Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berdi.
Mazkur siyosiy jarayonning ochiq va oshkora o‘tishini ta’minlashda, unga tayyorgarlik jarayonlarini keng yoritib borishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni muhimligi qayd etildi. Bu borada jurnalistlarga axborotlarni tezkor yetkazish maqsadida 1-Qoraqalpog‘iston okrug saylov komissiyasining Matbuot markazi tashkil etilib, unga tajribali, oldin shu kabi siyosiy tadbirlarda ishtirok qilgan jurnalistlar jalb etildi.
Ta’kidlanganidek, Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish ishlari qizg‘in pallaga kirib bormoqda. Okrug saylov komissiyasi a’zolarining 74 foizi oldin ham saylov va referendum jarayonlarida ishtirok qilgan tajribali xodimlardir. 1-Qoraqalpog‘iston okrugi hududida 654 ta saylov uchastkasi tuzilgan bo‘lsa, mazkur saylov uchastkalariga mahalliy hokimlikning tavsiyasiga ko‘ra, siyosiy jarayonlarda tajribaga ega 6 ming 266 nafar komissiya a’zosi tasdiqlandi. Ushbu komissiya a’zolarining 50,9 foizi xotin-qizlardan iborat. Komissiya a’zolarini qoraqalpoq, o‘zbek, rus, turkman va boshqa millat vakillari tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi Konstitutsiyaviy qonuni hamda “Saylov kodeksi” ga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, qamoqda saqlash joylarida ushlab turilgan hamda qamoqqa olingan, shuningdek, jinoyat sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar uchun qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko‘ra, ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkin. Saylov kodeksiga kiritilgan mazkur o‘zgartirishga ko‘ra, joriy saylovda Qo‘ng‘irot tumanidagi jazoni o‘tash muassasasida 360-sonli saylov uchastkasi tashkil etilganligi qayd etib o‘tildi.
Saylov uchastkalarining binolari saylov qonunchiligida ko‘rsatilgan talablarga to‘g‘ri kelishi bo‘yicha doimiy monitoring o‘rnatilgan. Nukus shahrida joylashgan 83 ta uchastkaning barchasi to‘liq ko‘zdan o‘tkazildi, a’zolar o‘zlariga biriktirilgan tumanlarga chiqib, saylov uchastkalarini ko‘zdan kechirmoqda.
Matbuot anjumani 1-Qoraqalpog‘iston okrug komissiyasining Matbuot markazi rahbari M.Qutlimuratov bo‘lajak Prezident saylovini o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlarni yoritishga tayyorgarlik ishlariga to‘xtaldi. Shuningdek, hozirgi kungacha Prezident saylovi jarayonlarini yoritishda ishtirok qilishni so‘rab, murojaat qilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ommaviy axborot vositalarining 90 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tganligi ma’lum qilindi.
Tadbir yakunida jurnalistlar ushbu siyosiy tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va saylov kuni jarayonlarni yoritish bilan bog‘liq o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA