Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani adliya bo‘limiga fuqaro S.K. murojaat qilib, ish stavkasini tiklashga amaliy yordam berishni so‘radi.

–Murojaatni o‘rganish davomida Beruniy tumani sport maktabi direktori tomonidan xodim S.K.ning 1 stavka metodist lavozimi uning roziligisiz oldin 0,75 stavkaga, keyinchalik esa 0,5 stavkaga kamaytirilganligi, bu bilan xodim 15 million 500 ming 529 so‘m ish haqidan g‘ayriqonuniy ravishda mahrum bo‘lganligi aniqlandi, – deydi Beruniy tumani adliya bo‘limi Inson huquqlarini himoya qilish va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish bo‘limi yetakchi maslahatchisi, 3-darajali yurist V.Turaniyazov. – Joriy yilning 30 aprel kuniga qadar amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 187-moddasida o‘z mehnat vazifalarini bajarishi munosabati bilan yoki mehnat qilish imkoniyatidan g‘ayriqonuniy ravishda mahrum etilganligi natijasida xodimga yetkazilgan har qanday zararni (shu jumladan, ma’naviy zararni) ish beruvchi, basharti ushbu Kodeksda boshqacha holat nazarda tutilmagan bo‘lsa, to‘liq hajmda to‘lashi, 188-moddasida xodim mehnat qilish imkoniyatidan g‘ayriqonuniy ravishda mahrum etilgan barcha hollarda ololmay qolgan ish haqini ish beruvchi unga to‘lashi shartligi belgilangan.

Yuqoridagilarga asosan, tuman adliya bo‘limi tomonidan fuqaro S.K.ning manfaatida fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudiga da’vo ariza kititildi. Sudning 2023 yil 18 maydagi hal qiluv qarori bilan xodimning ish stavkasi tiklanib, uning foydasiga 15 million 500 ming 529 so‘m ish haqi va ma’naviy zarar uchun 3 million so‘m pul mablag‘i undirilishi belgilandi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA