Poytaxtimiz va mamlakatimizning 15 ta shahrida Yoshlar kuni va Xalqaro Olimpiya kuni (“Olympic day”) munosabati bilan “Yangi nafas” xalqaro ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda 100 mingdan ortiq yuguruvchi ishtirok etdi.

“Olympic day” munosabati bilan Toshkentdagi yuguruvchilar uchun 3 ta masofa – 3 km., 10 km. va 1 milya (1,61 km.) masofa tashkil etildi. Shuningdek, Farg‘ona, Namangan, Buxoro, Samarqand, Nukusda havaskor yuguruvchilar ikki masofada – 3 km. va 1 milya, Andijon, Guliston, Nurafshon, Jizzax, Termiz, Navoiy, Qorovulbozor, Qarshi, G‘uzor, Urganchda esa 3 km. masofaga yugurdi.

Toshkent shahridagi “Humo Arena” sport majmuasi maydonida musobaqaga start berildi.

Bu yilgi “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqalari xalqaro maqomga ko‘tarilib, unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan 300 ga yaqin professional va havaskor sportchilar ishtirok etdi.

– “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqalari qo‘shni davlatlardagi ommaviy yugurish musobaqalarida faol ishtirok etuvchi yangi yugurish jamoalarini shakllantirish uchun boshlang‘ich tayanch nuqtaga aylanmoqda, –  dedi O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi raisining o‘rinbosari Andrey Abduvaliyev. – Umid qilamizki, yil sayin yuqori darajaga ko‘tarilayotgan ushbu ommaviy yugurish musobaqasi g‘olib va sovrindorlari Xalqaro yengil atletika federatsiyasi tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalar ro‘yxatidan o‘rin oladi va safimizga dunyoning nomdor atletlari ham qo‘shiladi.

Tashkilotchilar tomonidan uyushtirilgan konsert dasturida g‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlandi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA