24 iyun kechqurun Rossiya va Belarus Prezidentlari Vladimir Putin va Aleksandr Lukashenko telefon muloqoti o‘tkazishdi. Minskdan davlat rahbari devoni matbuot xizmati xabar qilishicha, RF yetakchisi hamkasbiga“Vagner” xususiy harbiy shirkati bilan bog‘liq vaziyatni bartaraf etish bo‘yicha qilingan ishlar uchun minnatdorlik bildirgan.

Suhbat chog‘ida Lukashenko hamrohiga “Vagner” rahbariyati bilan olib borgan muzokarasi natijasi haqida ma’lumot bergan.
“Rossiya Prezidenti belaruslik hamkasbi amalga oshirgan sa’y-harakatni qo‘llab-quvvatladi va unga minnatdorlik bildirdi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, “Prigojin Lukashenkoning “Vagner” harakatini to‘xtatish va keskinlikni yumshatish bo‘yicha keyingi qadamlar yuzasidan taklifini qabul qilgani” aytilmoqda.

“Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojinga qarshi jinoiy ish to‘xtatiladi, u Belarusga ketadi”, deya bayonot berdi Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

23 iyun oqshom ijtimoiy tarmoqda “Vagner” shirkati asoschisi Yevgeniy Prigojinning bir necha audioyozuvi joylashtirildi. U ko‘p ming kishilik qo‘shinga egaligini eslatib, Rossiyada “umumiy adolat tiklash” zarurligini ta’kidlagan, kishilarni o‘z safiga qo‘shilishga da’vat qilgan. Shu kunning o‘zida Prigojinga nisbatan “qurolli davlat to‘ntarishi” aybi bilan jinoiy ish ochilgani xabar berilgan edi.

O‘zA