Mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish, xususan, havo kemalari parkini yangilash, parvozlarning yuqori darajadagi xavfsizligini ta’minlash, aeroportlar infratuzilmasini, havo harakatini boshqarish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
2018 yil 27 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga muvofiq “Uzbekistan Airwaysʼ aviakompaniyasida Parvozlarni boshqarish markaziy ishlab chiqarish-dispetcherlik xizmati, Aeronavigatsiya parvozlarini qo‘llab-quvvatlash xizmati va boshqa bo‘linmalar tarkibida aviakompaniyadagi mavjud barcha axborot oqimlarini yagona markazga yo‘naltiruvchi yangi integratsiyalashgan Parvozlarni boshqarish markazini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Bugungi kunda Parvozlarni boshqarish markazi o‘z faoliyatini boshladi. “Uzbekistan Airwaysʼ aviakompaniyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillarini ushbu markaz faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida matbuot anjumani tashkil etildi.
Anjumanda qayd etilishicha, Parvozlarni boshqarish markazi aviakompaniyaning joriy faoliyatini tezkor boshqarish, yuzaga keladigan har qanday muammolarni hal qilish imkonini beradi. Bu yerda o‘ta muhim ma’lumotlar jamlangan bo‘lib, istalgan vaqtda havo kemalari parkining joylashuvi, ularning texnik holati, parvozga tayyorlik darajasi va hattoki parvozdagi yo‘lovchilar haqida to‘liq ma’lumot olish imkonini taqdim etadi.
– “Uzbekistan Airwaysʼ aviakompaniyasi parvozlar xavfsizligiga alohida e’tibor qaratib kelmoqda, – deydi Parvozlarni boshqarish markazi direktori o‘rinbosari Anvar Hakimov. – Yaqinda Parvozlarni boshqarish markazi zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan yangi binoga ega bo‘ldi. Markazni modernizatsiya qilish rejasi ilg‘or jahon tajribasini tahlil qilib o‘rganib chiqqandan so‘ng amalga oshirila boshlandi. Aviakompaniya mutaxassislari Yevropa, Rossiya va Turkiyadagi shu kabi markazlarga tashrif buyurdi. Markaz faoliyatida xodimlarni o‘qitish va yangi dasturiy mahsulotlarni joriy etishga e’tibor qaratildi. Markaz uchun yangi bino qurilishida arxitektura chizmalarni “ko‘zdan kechirdik” va qabul qildik. Endilikda aviakompaniya xodimlari parvozlar xavfsizligini ta’minlash uchun yetarlicha shart-sharoitlarga ega markazda ish faoliyatini olib bormoqda.
Markazimizda malakali xodimlar tomonidan kunlik parvozlar rejasiga kiritish kerak bo‘lgan tezkor o‘zgarishlar va pullik rejani bajarish nazorat qilinadi. Barcha reyslarimizda samolyotlar qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar, yerdami, osmondami uni monitoring qilish ushbu markaz zimmasiga yuklatilgan.
“Uzbekistan Airwaysʼ bu jarayonga eng so‘nggi texnologiyalarni joriy etdi va Boeing kompaniyasining dasturiy ta’minotiga o‘tishni amalga oshirdi. Ushbu yechim parvoz haqidagi barcha ma’lumotlarni birlashtirishga va uni parvozga tayyorlanayotgan uchuvchining planshetiga elektron tarzda yuborishga yordam berdi. Telekommunikatsiya yechimlari mutlaqo yangi mahsulotni yaratgan fransuz ishlab chiqaruvchisi – SITA kompaniyasidan xarid qilindi. Bu esa aviakompaniyaning barcha havo kemalarining hozirgi holatini kuzatish, parvozdagi meteorologik vaziyatni tahlil qilish va dunyoning istalgan nuqtasida bort kompyuteri orqali ekipajlar bilan aloqada bo‘lish imkonini beradi.
Parvozlarni boshqarish markazi aviakompaniyaning parvozlar muntazamligining imkon qadar yuqori bo‘lishini va parvozlar kechikishi bilan bog‘liq omillarni minimallashtirish ustida ishlamoqda. “Uzbekistan Airwaysʼ aviaparki to‘liq modernizatsiya qilindi va yangi havo kemalari bilan to‘ldirilishda davom etmoqda. Bu parvozlarni rejalashtirish, havo kemalarini yo‘nalishlarga to‘g‘ri taqsimlash, havo kemalari zaxirasini shakllantirish samaradorligini oshiradi va shu orqali yo‘lovchi tashishga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlashga imkon beradi.
– “Uzbekistan Airwaysʼ 2020 yilda pandemiya tufayli cheklangan yo‘nalishlar tarmog‘ini sezilarli darajada tiklashni boshladi, – dedi “Uzbekistan Airways” AJ Boshqaruv raisi Shuhrat Xudoyqulov. – Bugungi kunga qadar deyarli barcha reyslarni tiklashga, balki bir qator yangi yo‘nalishlarni ochishga muvaffaq bo‘ldik. Shu bilan birga, bizning asosiy vazifamiz, ustuvorligimiz doimo parvozlar xavfsizligi bo‘lib qoladi. Xavfsizlikni ta’minlash hamda tezkor qarorlar qabul qilish asosida yangilangan va yuqori texnologiyalarga ega Parvozlarni boshqarish markazi o‘z faoliyatini boshladi.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, Parvozlarni boshqarish markazi nafaqat joylashuvini, balki markazning ishga yondashuvini ham butunlay o‘zgartirdi. Qog‘ozda ishlashdan raqamli texnologiyalarga bosqichma-bosqich o‘tish va ekipaj a’zolari bilan istalgan nuqtadan turib aloqaga chiqish ta’minlanmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
Oybek Pardayev, O‘zA